Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Mirishkor tumanidagi 24-sonli maktab faoliyati bilan tanishdi. Taʼlim sifati past boʻlgan mazkur maktabga jalb qilingan andijonlik oʻqituvchilar bilan uchrashdi. Ayni damda Andijon viloyatidan ushbu maktabga 4 nafar oʻqituvchi jalb qilingan boʻlib, 2 nafari oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, 1 nafari oliy toifali matematika hamda 1 nafar 1-toifali ingliz tili fani oʻqituvchisidir.
Tashrif chogʻida tuman maktablarida taʼlim sifati boʻyicha muammolar va ularni bartaraf etish haqida soʻz bordi. Joylarda oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi va malakasini oshirishga katta ahamiyat berilmayotganligi taʼkidlandi. Mirishkor tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼullariga taʼlim sifati past boʻlgan maktablarning muammolarini oʻrganish va kerakli choralar koʻrish boʻyicha topshiriq berildi.
Yangi oʻquv yilidan tumandagi 34 – umumiy oʻrta taʼlim maktabida Buxoro Qorakoʻl tajribasini yaratish maqsadida 7 nafar oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar qabul qilingan va ularning oldiga Qorakoʻl tajribasini ommalashtirish boʻyicha vazifalar yuklatilgan.
Kelgusida mahoratli oʻqituvchilar maktabda taʼlim sifatini oshirish, yuksak salohiyatli oʻquvchilarni tayyorlash ezgu maqsadi ekanligini taʼkidlab oʻtildi.
Tashrif tumandagi 28-umumiy oʻrta taʼlim maktabda davom etdi. Maktab ushbu oʻquv yilida 3 mlrd. 557 mln. soʻm mablagʻ hisobidan mukammal taʼmirdan chiqarildi. Xalq taʼlim vaziri maktabda amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari bilan tanishib, maktab jamoasi bilan uchrashib suhbatlashdi. Suhbat davomida zamonaviy maktabda taʼlim sifatini koʻtarish boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng Xalq taʼlim vaziri tashrif tumandagi eng namunali 20-ixtisoslashgan maktab faoliyati bilan tanishdi.
Xalq taʼlimi vaziri maktab oʻqituvchilarini kelgusidagi faoliyatiga omad va zafarlar tiladi va taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan yuqorida qayd etilgan maktablarga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli takliflar berdi va maktab maʼmuriyatiga kitoblar jamlanmasini sovgʻa qildi.
Xalq taʼlimi vaziri tomonidan oʻqituvchilarni qiynab turgan muammolarga javob hamda taʼlim sifatini oshirish yuzasidan zaruriy takliflar berildi.