XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI BARCHA HUDUDIY BOSHQARMALARGA TIZIMNI MALAKALI XODIMLAR BILAN TA’MINLASH, NATIJA KO‘RSATMAYDIGANLARGA CHORA KO‘RISH, BARCHA VAKANSIYALARNI ISH.UZEDU.UZGA JOYLAB BORISH BO‘YICHA VAZIFALAR BELGILAB BERDI

3-fevral 2021-yil
image

Ma’lumki, xalq ta’limi tizimidagi tashkilot va muassasalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlarni tanlashda zamonaviy tizimni yaratish, fidoyi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotgan bo‘lsada, joylarda ushbu sohada hali hamon muammolar mavjud.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlariga o‘tkazilayotgan tanlov jarayonida meritokratiya tamoyiliga, ya’ni qobiliyatli xodimlarni saralab olish, ularni xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ishdan bo‘shatishda adolat tamoyiliga amal qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.

Barcha hududiy boshqarmalar rahbarlariga har bir bo‘sh ish o‘rni to‘g‘risida ma’lumotlarni doimiy ravishda ish.uzedu.uz saytiga joylab borish, hujjatlarni ushbu tizim orqali qabul qilish, nomzodlarni saralab olishda tanish-bilishchilik, mahalliychilik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ishlab kelayotgan, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishmagan xodimlarni yuqori lavozimlarga tavsiya etish va tayinlash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, rahbar xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilishda asl sababini o‘rganish, o‘z ishiga mas’uliyatli, kasbiy mahorati va professionalligi bilan o‘rnak bo‘layotgan xodimlarning nohaq ishdan bo‘shatilishining oldini olish bo‘yicha ogohlantirildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan ta’lim darajasi yuqori bo‘lgan maktablarda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan, ko‘p yillar davomida yuqori natijalarga erishib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yuqorida ko‘rsatilgan masalalarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirish berildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu