Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib YUNESKOning “Hikoyani tarjima qiling” (Translate a Story) loyihasiga qoʻshilish taklifiga ijobiy javob qaytargan mamlakat boʻldi. Raqamli kutubxona Global Digital Library (Global raqamli kutubxona) bilan hamkorlikda bolalar uchun 130 ta kitob hamda interaktiv taʼlim oʻyinlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
“Mavjud taʼlim manbalarining lingvistik xilma-xilligi taʼlim sifati uchun juda muhimdir. Bolaning oʻz ona tilida taʼlim olishi uning kelajakdagi muvaffaqiyatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq”, - deydi YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha yordamchisi Stefaniya Jannini.
Tarjima qilingan kitoblar Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiyasi jamoasi tomonidan Global raqamli kutubxonaga taqdim etildi. Badiiy hikoyalar bogʻcha va maktab yoshidagi bolalarning oʻqishi uchun tavsiya qilinadi.
Global raqamli kutubxona Norvegiyaning rivojlanish agentligi (NORAD) hamda boshqa hamkorlar tomonidan Global Book Alliance tarkibida ishlab chiqilgan boʻlib, YUNESKO uni amalga oshirish boʻyicha texnik koʻmak taqdim etib kelmoqda.
Global raqamli kutubxona oʻqish materiallarini har qanday raqamli qurilmadan uydan bepul foydalanish imkonini beradi. Yaqinda global raqamli kutubxonada koʻzi ojiz bolalarga matnning ovozli versiyasini va tasvirlarning tavsifini tinglash imkoni paydo boʻldi.
Hozirda ushbu kutubxonada 73 tilda mavjud boʻlgan 5000 ta kitobdan tashqari, kutubxonada bolalarga matematik mahoratini oshirishda yordam beradigan interaktiv oʻyinlar ham joriy etilmoqda. Ushbu oʻyinlardan koʻrish qobiliyati past bolalar ham foydalanishi uchun imkoniyat yaratilgan. Oʻzbekiston ushbu oʻyinlarning 20 ga yaqinini oʻzbek tiliga tarjima qildi.
YUNESKOning Olmaotadagi vakolatxonasi direktori Krista Pikkat Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligiga YUNESKO bilan hamkorlik hamda koʻngilli tarjimonlarga minnatdorlik bildirar ekan, Oʻzbekiston singari boshqa mamlakatlar ham ushbu innovatsion tashabbusga qoʻshilishiga umid bildirdi.