PEDAGOG-XODIMLARNI DIREKTOR JAMGʻARMASI ORQALI MODDIY RAGʻBATLANTIRISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILDI

4-yanvar 2021-yil
image

Maʼlumki, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, jumladan Direktor jamgʻarmasidan foydalanish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori asosida tashkil etilib kelingan.

Oʻtgan oʻquv yili davomida qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablarini amaliyotga qoʻllash jarayonida ustamlarni belgilash boʻyicha ortiqcha qogʻozbozlik, oʻqituvchilar faoliyatini baholash mezonlarida bir qator noaniqliklar yaqqol koʻzga tashlandi.

Ayrim normalardagi mavhumliklarga aniqlik kiritish lozimligi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini yuzaga keltirdi.

Shuning uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Vazirlar Mahkamasining «Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida» 831-sonli qarori qabul qilindi.

Kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar asosida quyidagilar koʻzda tutilgan:

umumtaʼlim maktablaridagi pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari faoliyatini ochiq maʼlumotlar orqali baholash;

xalqaro fan olimpiadalarga oʻquvchilarni tayyorlab borish uchun oʻqituvchilarda motivatsiyani orttirish;

oʻquvchilarni xalqaro baholash tadqiqotlariga tizimli ravishda tayyorlab boradigan oʻqituvchilarga har oylik 100 foizlik ustamalar belgilash;

maktablarda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan metodik xizmatni yaxshilashni ragʻbatlantirish maqsadida fan metod birlashmalari rahbarlari uchun har oylik ustamalarni 5 foizda 10 foizga oshirish;

bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga puxta tayyorlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash borasida maktab rahbarlarini ragʻbatlantirish;

pedagogik jamoalar va taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga erishish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, yangi qarorga asosan:

✅umumtaʼlim maktablaridagi psixolog va kutubxona xodimlariga ustama belgilashda ushbu ustamaga loyiq koʻrilgan xodimlar 50 foizdan oshmaslik cheklovi bekor qilindi;

✅maktablarning fan yoʻnalishlari boʻyicha uslubiy birlashmalari rahbarlari bazaviy tarif stavkalariga ustama belgilashda aniq 6 turdagi mezon belgilandi;

✅baholash mezonlarining shaffoflashuvi va qisqarishi natijasida jami mezonlar soni maqbullashtirilib, 20 foizga kamaydi;

✅ustama olish uchun talabgorlar tomonidan toʻldirilishi kerak boʻlgan hujjatlar soni 60 foizga kamayib, endilikda talabgor faqatgina 3 nomdagi hujjatni toʻldirishi nazarda tutilmoqda.

 

Oʻylaymizki, Direktor jamgʻarmasidan foydalanish tartibiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar maktablarda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar, jumladan, oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu