Kuni kecha Xalq ta’limi vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlarining Prezidenti D.Patton ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur xalqaro tashkilot va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada yuksaltirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
O‘zaro samimiy ruhda kechgan uchrashuv doirasida D.Patton bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi har tomonlama, xususan, ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarining ijobiy rivoj topayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, hamkorlik doirasida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ingliz tili fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish jarayonlariga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, 2021-yilda “English Speaking Nation: Secondary Teacher Training” (ESN:STT) dasturi doirasida 385 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi kaskad usulidagi 140 soatlik treninglarda ishtirok etib, TESOL sertifikatini qo‘lga kiritgan. 206 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi esa “Teaching English through English” (TETE) kurslarida o‘z malakalarini oshirishgan.
2022-yilda 707 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi kaskad usulidagi 60 soatlik treninglarda ishtirok etib, TESOL sertifikatini qo‘lga kiritgan hamda “Teaching English through English” (TETE) kurslarida malaka oshirishgan.
Bugungi kunda mazkur sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar yurtimizdagi 6000 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun malaka oshirish treninglarini tashkil etishgan. 7 nafar ingliz tili fani bo‘yicha xalqaro ekspertlar malaka oshirish markazlarida faoliyat yuritib kelishmoqda.
Muloqot davomida 2023-yilda yana 8000 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilarining mazkur turdagi malakalarini oshirish rejalashtirilganligi hamda buning uchun 4 nafar xalqaro ekspert jalb etilishi aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida Xalq ta’limi vazirligi hamda Amerika Kengashlari o‘rtasidagi ta’lim sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli hamkorlik ishlariga doir istiqboldagi rejalar kelishib olindi.