Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalq ta’limi vaziri: “To‘g‘ri tanlangan kasb bu sizning ertangi kuningiz, kelajagingizni belgilab beruvchi asosiy omil sanaladi”

22-noyabr 2022-yil
image

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bugun poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 81-sonli maktabda bo‘ldi.

Maktabdagi 11-“A” sinf o‘quvchilarining yakunlanayotgan kimyo darsi vazir bilan muloqotga ulanib ketdi. O‘quvchilar bilan suhbat chog‘ida ularning fanlarga oid bilimlari, qiziqishlari hamda kelgusi rejalari haqida so‘z bordi.

“Men respublikamizning 1700 dan ortiq maktabiga borgan bo‘lsam, har bir maktabning bitiruvchi o‘quvchilari bilan suhbatlashishga harakat qilaman. Sababi siz bitiruvchilar maktabning yakuniy mahsuli sanalasiz va sizlarning bilim va salohiyatingizga qarab, maktab faoliyati to‘g‘risida xulosa qilsa bo‘ladi. Ko‘p hollarda sinfda 30 dan ortiq o‘quvchilar bo‘la turib, ular orasida aksariyat hollarda sanoqli kasb egalari bo‘lish niyati borligi meni xavotirga soladi. Nega o‘quvchilar kasb tanlash masalasiga yuzaki yondoshishyapti? Axir to‘g‘ri tanlangan kasb bu sizning ertangi kuningiz, kelajagingizni belgilab beruvchi omil sanaladi-ku. Shu sababli har bir inson kasb tanlayotganda bugun dunyoda taraqqiy etayotgan kasblar haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim”, — dedi vazir.

Vazir sinfning faol o‘quvchilaridan biri Abdulbosit Abdug‘ofurov bilan kechgan muloqot davomida uning bilimini sinovdan o‘tkazish barobarida qiziqishlari yuzasidan fikr almashdi.

Bu haqda o‘quvchining o‘zi shunday deydi:

“Vazir bilan uchrashuv men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bugungi suhbat meni tanlamoqchi bo‘lgan kasbim haqida yanada chuqurroq o‘ylab ko‘rishimga undadi. Fikrlash doiramizni yanada kengaytirishimiz lozimligini tushundim. Vazirning biz o‘quvchilarning savollarimizga bergan samimiy va do‘stona javoblari bizni yanada ruhlantirdi. Bizga kelajak hayotimiz uchun foyda beradigan ko‘plab maslahatlar berib o‘tdi. Menga taqdim etilgan noutbuk esa ulkan motivatsiya bo‘ldi. desam adashmayman. Bu sovg‘ani olgan bilimlarim bilan oqlashga harakat qilaman”.

Vazir ishtirokidagi keyingi mashg‘ulotlar ingliz tili fani darsida bo‘ldi. Vazir ushbu darsda o‘quvchilarning chet tili bo‘yicha bilimini kuzatib, fan o‘qituvchisi Nargiza Mahmudova bilan o‘quvchilarning til bilish ko‘nikmalari va olgan bilimlarini amalda qo‘llashlari yuzasidan fikr almashdi.

Suhbat davomida bugun xorijiy tilni o‘rganib, keyinchalik xorijga ketib bilimlarini boyitgan farzandlarimizni keyinchalik yurtimizga qaytib o‘z bilimlarini amalda qo‘llashlari uchun bugun ularga vatanparvarlik tuyg‘usini singdirish lozimligi tushuntirildi.

Nargiza Mahmudova o‘z fikrlarini bildirar ekan, “bugun vazirning maktabga kelganlaridan men uchun kutilmagan quvonchli voqea bo‘ldi. Ayniqsa, ingliz tilida so‘zlashish men uchun juda hayajonli bo‘ldi. Vazirimizning ta’lim tizimiga e’tibori, albatta biz o‘qituvchilarni yanada ruhlantirib, bolalar bilan ishlashda katta mas’uliyat bilan yondoshishga turtki bo‘ladi," — deb o‘tdi.

Vazir, shuningdek maktabning sport zali, oshxonasi hamda o‘quvchilar tomonidan tashkil qilingan issiqxonani borib ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, issiqxona faoliyati 2021 yildan buyon Ecoschools Uzbekistan loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yilib, unda parvarish qilinadigan sabzavotlardan maktab oshxonasida foydalaniladi. Loyiha 5 nafar o‘qituvchi boshchiligida 7-8 sinf o‘quvchilari bilan amalga oshirilmoqda.

Vazir maktab faoliyati bilan tanishish davomida o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi hamda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, hayotda o‘z o‘rnini topa bilish, yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, ustozlarni hurmat qilish, kitobga, ona tabiatga mehr qo‘yish va ularni asrab-avaylash ko‘nikmalari haqida fikr almashdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu