Xalqaro ta’lim standartlari asosida dars o‘tishga qaratilgan malaka oshirish jarayonlari davom etmoqda

7-noyabr 2022-yil
image

Avval xabar berilganidek, xalqaro ta’lim metodikalariga asoslangan maktab ta’limini yurtimiz umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etib borish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda.

Ayni vaqtda mazkur tajribalar o‘tkazilishi belgilangan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlaridagi 14 ta maktabning 139 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ushbu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘z malakalari oshirishmoqda.

Bugun Toshkent shahridagi 191-umumta’lim maktabida mazkur malaka oshirish jarayonlari tafsilotiga bag‘ishlangan hamda qator ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan preyes-tur tadbirlarida mavzuning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.

“Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy ta’lim” shiori ostida o‘tkazilayotgan hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining xalqaro standartlar asosida ta’lim olishiga qaratilgan o‘quv jarayonlari press-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Aytib o‘tilganidek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan elektron darslik va dasturlar, bolalarni muammoni hal etish va zarur xulosaga kelishga undovchi turli o‘yinlar shaklidagi metodik ishlar mazkur xalqaro ta’lim yo‘nalishining asosini tashkil etadi.

Shu bilan birga, o‘rganadigan fani va o‘qituvchisini o‘quvchilarning o‘zi mustaqil tanlash huquqi borligi, bolalarning ichki imkoniyatlari va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga mo‘ljallangan pedagogik usullar, zamonaviy axborot texnologiyalarining maktab darslarida keng foydalanishi natijasida o‘quv jarayonlarining yanada qiziqarli bo‘lishini ta’minlashi aytib o‘tildi.

Press-tur davomida mavzuga oid muhim savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.

Malaka oshirish darslari ertaga — 8-noyabr kuni o‘z yakuniga yetadi.

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu