Finlandiya zamonaviy darsliklarning aprobatsiyasida 4 ming nafardan ortiq 1-4 sinf o‘quvchilari ishtirok etadi

2-noyabr 2022-yil
image

 

Xalq taʼlimi tizimida xalqaro taʼlim dasturlari va darsliklarini joriy qilish amaliyoti mavzusida Xalq taʼlimi vazirligi Axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda xalq taʼlimi tizimiga xalqaro tajribalarni keng joriy qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, xalqaro ekspertlar va mahalliy amaliyotchi o‘qituvchilar ishtirokida Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Maktablarda “Klett”, “Cambridge University Press” kabi nashriyotlarining xalqaro tan olingan mahalliylashtirilgan darsliklari bilan bir qatorda milliy qadriyatlarga asoslangan zamonaviy darsliklarni joriy etish boshlandi.

Finlandiya tajribasi

Davlatimiz rahbari joriy yilning 8 oktyabrida Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida taʼlim sohasida qilinishi kerak bo‘lgan kelgusi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tar ekan, Finlandiya taʼlimi dunyoda raqobatga chidamli tizim ekanligini taʼkidlab o‘tgan edi.

Ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ishchi guruh faoliyati doirasida hozirda Finlandiya tajribasini yurtimizga keng joriy etish, shu bilan birga ijtimoiy va milliy komponent fanlarida xalqimiz qadriyatlari va anʼanalariga xos bo‘lgan dastur va darsliklarni joriy qilish ishlari olib borilmoqda.

Taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarni ustozlar bilan hamohang olib borish, tashabbusni ro‘yobga chiqarishda keng jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari, tegishli soha mutaxassislarining o‘z bilim va tajribalari bilan ishtirok etishi juda muhimdir.

Eʼlon qilingan maxsus talim2023 aloqa kanallari orqali taʼlim tizimini isloh qilishda faol ishtirok etish istagini bildirgan 6 minga yaqin o‘qituvchilarning arizalari qabul qilindi.

Yangi dastur va darsliklarning tajriba-sinovida ishtirok etish istagini bildirgan har bir tizim xodimiga minnatdorligimizni bildirib, keyingi oylarda amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar bilan Sizlarni tanishtirishga ijozat bergaysiz.

Aprobatsiya jarayoni

Ayni vaqtda Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 134-umumtaʼlim maktabida Finlandiya taʼlim tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari boshlangan. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘quv darslari ushbu taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda.

Ishlarning mantiqiy davomi sifatida talim2023 aloqa kanallariga kelib tushgan 6 minga yaqin o‘qituvchi murojaatlari tahlil qilinib, eng ko‘p arizalar jo‘natgan, respublikaning 14 ta hududidagi maktablar tanlab olindi. Ushbu maktablarda 2023 yil yanvar oyidan 1-4 sinflarda Finlandiya masʼul idoralari tomonidan sifat belgisi bilan qayd etilgan zamonaviy darsliklarning aprobatsiyasi o‘tkaziladi va unda 4 ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu 6 mingga yaqin o‘qituvchilar uchun ham hududlardagi malaka oshirish markazlarida hamda aprobatsiya o‘tadigan maydonchalarda alohida o‘quvlar tashkil etib boriladi.

Tajriba-sinovda ishtirok etadigan maktablar va ularning o‘qituvchilari bilan keyingi 2 oy davomida alohida dastur asosida ishlar olib boriladi. Mazkur ishlarning birinchi bosqichi sifatida 139 ta boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 4-9 noyabr kunlari maxsus malaka oshirish kurslari Toshkent shahrida tashkil etiladi.

Ushbu kurslarning jarayoni to‘g‘risida alohida axborot berib boriladi. Yangi zamonaviy metodikalar bo‘yicha malaka oshirish hamda aprobatsiya jarayonlari davomida ommaviy axborot vositalari uchun maxsus press-turlarni tashkil etish ham rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, kelgusi yil yanvar oyidan boshlab, respublikamizning har bir hududida “Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy taʼlim” shiori ostida yirik anjumanlar tashkil etib borilib, ushbu anjumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar borasida o‘qituvchilarga, ota-onalarga va keng jamoatchilikka axborot berib boriladi.

Ilg‘or darsliklar tizimimizga moslashtirilmoqda

Hozirgi kunda Prezident Administratsiyasi Ishchi guruhi vakillari Respublika taʼlim markazi bilan hamkorlikda yuqori sinf o‘quvchilari uchun yetakchi xalqaro nashriyotlarning aniq va tabiiy fanlari bo‘yicha darsliklarini o‘rganib bormoqda. Eng yaxshi darsliklarni tanlab olib, yurtimiz o‘quvchilari uchun moslashtirilishi ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, milliy komponentni o‘zida mujassamlashi zarur bo‘lgan ona tili, adabiyot, tarix, huquq kabi fanlarning darsliklari yurtimizning yetakchi mualliflari va amaliyotchi o‘qituvchilari tomonidan yaratilishi davom ettiriladi.

Albatta, Finlandiya taʼlim tizimining muhim asosi o‘quvchilarga yodlash orqali bilim berish emas, balki ularni fikrlashga va shu orqali yuzaga kelgan muammoni mustaqil hal etishga tayorlashdan iboratdir.

Bunda asosiy eʼtibor aniq va tabiiy fanlarni puxta o‘zlashtirish va olgan bilimlarini real ko‘nikmalar asosida mustahkamlash, hayotda qo‘llay olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganligi bilan dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘ylaymizki, mamlakatimizda umumiy o‘rta taʼlim sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida boshlangan mazkur tashabbus farzandlarimizning zamonaviy bilim olishlari va mustaqil hayotga tayyorlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu