Hurmatli xalq taʼlimi xodimlari, pedagog ustozlar!
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvardagi 25-son qarori bilan "Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom" tasdiqlangan edi.
Endilikda xalq taʼlimi xodimlari faqat Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi malaka oshirish tashkilotlarida emas, balki, o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida ham o‘z malakalarini oshirishlari mumkin bo‘ldi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarining xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlari davlat byudjetining mazkur sohaga ajratilgan mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilandi.
Nizomga muvofiq, xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari Reyestri shakllantirildi.
Reyestr orqali kelib tushgan arizalar tegishli tartibda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ko‘rib chiqildi va belgilangan talablarga javob beradigan 3 ta nodavlat taʼlim tashkilotlari, “Ziyo muallim pedagoglar rivojlanish markazi”, "Turon international school group" va "Tafakkur charxpalagi" nodavlat taʼlim tashkilotlari xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Ushbu nodavlat taʼlim tashkilotlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etadilar:
Informatika va axborot texnologiyalari;
Ingliz tili.
Boshqa nodavlat taʼlim tashkilotlari ham yuqoridagi tashkilotlar kabi xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.
Malaka oshirish faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga “Uzluksiz kasbiy taʼlim” elektron platformasining Nodavlat taʼlim tashkilotlari reyestri orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkinligini maʼlum qilamiz.
Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari sonining ortishi pedagoglarga tanlash imkoniyatini kengaytirish barobarida sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, xodimdan qayerda malaka oshirishidan qatʼiy nazar, joriy yil uchun belgilangan kredit ballarini yig‘ish talab qilinadi.