Joriy yilning 8-iyun kuni Yunusobod tumanidagi 220- hamda Olmazor tumanidagi 191-maktablarda o‘z faoliyatini olib borayotgan oromgohlarda OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur doirasida maktablarda tashkil etilgan bolalar maydonchalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Ayni vaqtda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2022-yilning yozgi taʼtil davomida maktab o‘quvchilarining mazmunli hordiq chiqarishi va ularni sog‘lomlashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022-yilning 1-iyun kunidan bolalarni sog‘lomlashtirish mavsumi boshlanib, oromgohlar o‘z faoliyatini olib bormoqda.
— Maktabimizda o‘z faoliyatini boshlagan “Tashabbus” nomli oromgohda ayni paytda 60 nafardan ziyod o‘quvchi vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda, — deydi Olmazor tumanidagi 191-maktab direktori Shoira Bakirova. - Hozirda 30 ga yaqin to‘garaklar bolalar va ota-onalarning talab-istaklari bo‘yicha ish olib bormoqda. Fan to‘garaklari, mental arifmetika, gimnastika, shaxmat to‘garaklarida barcha o‘g‘il-qizlar bilimini oshirmoqda. Oromgohdan xabar topgan ota-onalar farzandlarini boshqa tumanlardan ham maktabimizga olib kelishgan. To‘garak rahbarlari faoliyati reyting asosida baholangani bois barcha pedagoglarimiz to‘garaklarni imkon qadar qiziqarli o‘tishga harakat qilishadi. Asosiy maqsadimiz, yozgi taʼtil kunlari ham o‘quvchilarni aqliy va jismoniy rivojlantirib, to‘garaklarga qiziqishini oshirishdan iborat.