2021-2022 O‘QUV YILIDA TAJRIBA-SINOV TARIQASIDA TASHKIL QILINGAN INKLYUZIV TAʼLIM TIZIMI O‘ZINING IJOBIY NATIJASINI KO‘RSATDI

31-may 2022-yil
image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaroriga asosan 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Respublika bo‘yicha 31 ta umumtaʼlim maktablarida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv taʼlim tashkil etildi. Ushbu maktablarda jami 85 nafar alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar taʼlim olmoqda. Ular orasida eshitishda, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan, intellektual rivojlanishning potensial buzilmagan imkoniyatlari bilan ruhiy rivojlanishda orqada qolgan, autistik spektri buzilgan, nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan, tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan va boshqa tashxisli bolalar tahsil oladi.

Bundan tashqari Nukus, Andijon, Kogon va Urganch shaharlaridagi 4 ta umumtaʼlim maktablarida boshlang‘ich tayanch korreksion sinflari tashkil qilingan bo‘lib, ushbu sinflarga bir xil tashxisli 35 nafar bola qamrab olingan.

2021-2022 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan inklyuziv hamda boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarda respublika bo‘yicha 53 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari faoliyat olib bordi.

 

Bugun Toshkent shahridagi inklyuziv sinflarda tahsil olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga inklyuziv taʼlimni rivojlantirish borasidagi amalga oshirgan samarali mehnati, fidoyiligi va yosh avlodga berayotgan taʼlim-tarbiyasidagi yutuqlari va innovatsion texnologiyalarini tatbiq etishda faolligi uchun Xalq taʼlimi vazirining tashakkurnomalari topshirildi.

Aytish joizki, ushbu sinovning ilk davrida alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni maktab sharoitiga moslashtirish maqsadida o‘qituvchilar ota-onalar bilan hamkorlikda ishladi. Har bir dars amaliy, ko‘rgazmali qurollar hamda o‘yin faoliyatiga bog‘lab tashkil qilindi. Dars davomida o‘quvchilarda toliqib qolish alomatlari kuzatilgan o‘quvchiga maktab psixologi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. O‘quvchilar orasida do‘stona munosabat muhitini shakllantirish maqsadida hojatxona hamda oshxonaga alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchi bilan sog‘lom o‘quvchi birgalikda yuborildi. Har bir erishilgan kichik natija yuqori baholandi. Ota-onalar bilan o‘rnatilgan muntazam aloqa natijasida alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilarning qiziqishlari aniqlandi.

Aytish joizki bugungi kunda ota-onalar farzandini maktabda sog‘lom bolalar bilan birgalikda ekanligidan mamnunligini izhor qilmoqda. Alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bugun maktabga borishni istaydi, ularning tengdoshlari bilan do‘stona munosabati o‘rnatilgan.

Xulosa o‘rnida 2021-2022 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida tashkil qilingan inklyuziv hamda boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ijobiy natijasini ko‘rsatdi deyish mumkin. 2022-2023 o‘quv yili uchun Respublikadagi barcha tumanlardan bittadan umumtaʼlim maktabida inklyuziv sinflar ochish maqsad qilingan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu