Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan pedagog xodimlarining shaʼni va qadrini yanada koʻtarish maqsadida oʻtkazilgan “Oʻqituvchilar-kelajagimiz bunyodkorlaridir!” videoroliklar tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari tomonidan oʻz ustozlari faoliyatiga nisbatan hurmat aks ettirilgan videoroliklarni yaratish va tarqatish orqali oʻquvchi-yoshlarning faolligini oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ijodiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi joriy yilning 12-noyabr kuni Yoshlar press-klubida oʻtkazildi. Tadbirda Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Vaxobjon Rajapov har bir hududdan tashrif buyurgan 14 nafar gʻolib hamda maktab rahbarlariga vazirlikning qimmatbaho sovgʻalarini topshirdi.
Tadbir ishtirokchilariga Toshkent shahar Shayxontohur tumani Barkamol avlod bolalar ijodiyot markazi oʻquvchilari tomonidan aʼlo kayfiyat ulashish maqsadida ashula va raqs namoyish etildi.