Joriy yil 10-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligida tizimiga ajratilayotgan byudjet mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishini tashkil qilish va xatoliklarni oldini olish masalalari toʻgʻrisida navbatdan tashqari Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mazkur Hayʼat yigʻilishida tizimdagi moliyaviy xatoliklar, xususan Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi maktablarda oʻtkazilgan nazorat tadbiri natijalari muhokama qilindi.
Ushbu nazorat tadbiri natijalaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasinig koʻrsatmasidan kelib chiqib, mazkur holatlarni kelgusida takrorlanmaslik va oldini olish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Jumladan:
kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan tegishli intizomiy jazo choralarini qoʻllash;
xalq taʼlimi tizimi boʻyicha, ayniqsa, Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimida masʼul xodimlarning aloqadorligi yoki harakatsizligi yuzasidan xizmat tekshiruvini oʻtkazish;
byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holatlarining profilaktikasini taʼminlash va ularning oldini olish yoʻnalishi boʻyicha choralarni kuchaytirish;
noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud boʻlgan hududlar boʻyicha alohida “qizil” roʻyxatni shakllantirish hamda ularni doimiy nazorat va kuzatuvga olish yuzasidan amaliy ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Hayʼat yigʻilishi qarori bilan Andijon viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi rahbariga tegishli intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi