Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tajriba-sinov ishlari doirasida mamlakatimizda oʻquvchilarning taʼlim natijalarini yaxshilash maqsadida Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 208 ta umumtaʼlim maktablariga jami 385.000 dona darslik va oʻqituvchi uchun qoʻllanmalarni taqdim etdi.
“Cambridge University Press” nashriyotining 10 million dollar qiymatidagi ushbu oʻquv-metodik majmualar 5-11-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” (IAT), 1-11-sinflarda “Xorijiy til - Ingliz tili” fanlarini oʻqitishni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan. Ushbu oʻquv yilida dastlabki tajriba-sinov ishlari yakunlangach, oʻquv-metodik majmualar oʻqituvchilarning fikr-mulohazalari asosida qayta koʻrib chiqiladi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2022-2023 oʻquv yilining boshida mamlakat boʻylab barcha maktablarga yetkazib berish uchun chop etiladi. Buning natijasida, Oʻzbekistonda 6.5 million nafardan ziyod oʻquvchi yuqori sifatli darsliklardan foydalanishi, oʻn minglab oʻqituvchilarning esa yuqori sifatli qoʻllanmalardan foydalanishi taʼminlanadi.
USAID oʻzining “Oʻzbekiston barkamollik uchun taʼlim dasturi” orqali yangi oʻquv-metodik majmualarni Oʻzbekiston konteksti nuqtayi nazaridan baholash, koʻrib chiqish va moslashtirish boʻyicha Respublika taʼlim markazi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bordi. USAID shuningdek, “Xorijiy til – Ingliz tili” va “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlarining 1 000 nafardan ortiq oʻqituvchiga yangi darsliklar va oʻqituvchi uchun qoʻllanmalardan foydalanish hamda shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim strategiyalaridan foydalanish boʻyicha treninglar tashkil etib, bu yoʻnalishda ularga yaqindan yordam beryapti.
-