XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI ICHKI AUDITI TOMONIDAN 9 OYDA JAMI 194,7 MLRD. SOʻMLIK MOLIYAVIY XATO VA KAMCHILIKLARNING OLDI OLINISHIGA ERISHILDI

27-oktabr 2021-yil
image

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Xalq taʼlimi vazirligi Ichki audit xizmati faoliyatining 9 oylik natijalari sarhisob qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-avgustdagi “Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Xalq taʼlimi vazirligi tizimida byudjet qonunchiligini buzish holatlari profilaktikasini taʼminlash maqsadida Ichki audit xizmati tashkil qilingan.

Audit xizmatning mustaqilligini taʼminlash maqsadida uning hududiy boʻlinmalari auditorlari 2019-yildan boshlab vazirlikning markaziy apparati tuzilmasiga oʻtkazildi va amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi oshirilishiga erishildi.

Ichki audit xizmati xodimlarini malakasini oshirishga ham katta ahamiyat qaratilayotgan boʻlib, jumladan, 44 nafar ichki audit xizmati xodimlari Moliya vazirligi Oʻquv markazida malaka oshirish kurslarini yakunladi.

Bugungi kunda, Ichki audit xizmati tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganishlar xavf-tahlillarga (risk-analiz) asoslanib, yaʼni tizimdagi taʼlim muassasalar faoliyatini masofadan monitoring qilish mobaynida shubhali holatlar avval tahlil qilinib, aniqlangan holatlar natijalaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar obyektlarga yoʻnaltirilmoqda.

Ichki audit xizmati faoliyatida asosiy eʼtibor moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilgan.

Xususan, vazirlik Ichki audit xizmatining 9 oylik faoliyati davomida jami 194,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga va bartaraf etilishiga erishildi.

Birinchidan, joriy yil taʼlim muassasalarida xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvaliga muvofiq rejalashtirilgan mablagʻlardan 106,1 mlrd. soʻmi maqbullashtirildi.

Maʼlumot uchun: ushbu mablagʻlar umumtaʼlim maktablari uchun yangi avlod darsliklarini Milliy oʻquv dasturi asosida kompleks tarzda yaratish va nashr etishga yoʻnaltirildi.

Ikkinchidan, tizimda ishlovchi xodimlarga notoʻgʻri belgilangan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning belgilangan meʼyorlarga muvofiqlashtirilishi natijasida 12 mlrd. soʻm mablagʻ iqtisod qilinishiga erishildi.

Uchinchidan, umumtaʼlim muassasalaridagi asosiy vositalar va boshqa jihozlarni xatlovdan oʻtkazish natijasida jami 26,3 mlrd. soʻmlik tovar-moddiy boyliklarning ortiqcha saqlanish holatlari aniqlanib, oʻrganish davomida belgilangan tartibda bartaraf qilindi.

Toʻrtinchidan, taʼlim muassasalarining xarajatlar smetasi tuzilishi jarayonida 50,3 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha ehtiyoj mavjud boʻlgan yoʻnalishlarga profilaktika ishlari natijasida boʻshab qolgan mablagʻlarni yoʻnaltirish hisobidan qoplandi.

Aniqlanayotgan kamchiliklardan kelib chiqib hamda ularni kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida amalda xodimlarning ish haqi toʻlovlari amalga oshirilayotgan “UzASBO” dasturiy majmuasiga Moliya vazirligi bilan hamkorlikda yangi modullarni yaratgan holda, tegishli oʻzgartirishlar kiritib borilmoqda.

Bundan tashqari, “Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarni boshqarish boʻyicha yagona elektron dasturiy majmua – erp.maktab.uz” axborot tizimi ishlab chiqildi. Mazkur tizimda maktablar, ulardagi oʻqituvchi va oʻquvchilarga tegishli boʻlgan barcha koʻrsatkichlar kiritilishi hamda ularga tegishli maʼlumotlarni inson omilini cheklash uchun boshqa tizimdagi maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalash nazarda tutilgan.

Hozirgi kunda mazkur yaratilgan yagona dasturiy majmuani joriy etish boʻyicha tajriba-sinov ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Jahon banki ishtirokida “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida ichki audit xizmatlari faoliyatini uslubiy taʼminlash hamda xalqaro standartlar asosida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish yuzasidan Pricewaterhousecoopers (PWC) xalqaro konsalting tashkiloti bilan birgalikda Xalq taʼlimi vazirligida ichki audit xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tajriba-sinov (pilot) dasturi amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 9 oyi davomida taʼlim muassasalarida 197 ta oʻrganish tadbirlari oʻtkazilishi natijasida jami 47 553 ta holatda 76,5 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 6 530 ta holatda 16 mlrd. soʻmlik oʻgʻirlik va kamomad aniqlangan.

Maʼlumot uchun: 2020-yilning (143,2 mlrd. soʻm) mos davrining hisobot koʻrsatkichlariga nisbatan 2 baravarga kamaygan.

Tarkibida jinoyat alomatlari boʻlgan 158 ta 61,4 mlrd. soʻmlik oʻrganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar koʻrish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

 

-

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu