“YILNING ENG YAXSHI OʻZBEK TILI O'QITUVCHISI” TANLOVINING SOʻNGGI BOSQICHI QANDAY OʻTDI?
15-oktabr 2021-yil
“Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” tanlovi eʼlon qilingandan soʻng Respublikamiz boʻylab 24 670 nafar oʻqituvchi tanlovda ishtirok etish maqsadida ariza topshirdi. Qariyb 25 ming nafar oʻqituvchi ichidan faqat 27 nafari tanlovning Respublika bosqichigacha yetib keldi.
Xoʻsh, tanlovning bu bosqichi qanday oʻtdi?
Avvaliga “Ijodiy namunali shaxs obrazi” mavzusida esse yozgan ustozlar, keyin oʻz mahoratlarini dars oʻtish orqali koʻrsatdi.
12-13-oktabr kunlari tanlov ishtirokchilari Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 191- va 196-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ona tili va oʻzbek tili fanlaridan dars mashgʻuloti oʻtdi. Bunda kim qaysi sinfda va qaysi mavzuda dars oʻtishi qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlandi. Tanlangan sinf oʻquv-reja asosida qaysi mavzuga kelgan boʻlsa, oʻsha mavzuda dars oʻtildi. Jarayon tugagandan soʻng, oʻqituvchilarning esse va dars mashgʻulotlarida toʻplagan ballari umumiylashtirilib, eʼlon qilindi.
Yakuniy qismda tanlov ishtirokchilari bilan birgalikda barcha qatnashchilarning yutuqlari, xato va kamchiliklari muhokama qilindi. Hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan ustozlarga tavsiyalar berildi. Muhokamalar davomida ishtirokchilarning ham taklif va tavsiyalari eshitildi. Tanlovning 3 kun davom etgan soʻnggi bosqichi, qiziqarli bahs-munozaralarga boy boʻldi. Oʻqituvchilar nafaqat bellashdi, balki bilim va tajriba almashdi.
Tanlov soʻngida Oybek va Gʻafur Gʻulom uy-muzeylariga uyushtirilgan sayohat tanlov ishtirokchilari uchun taassurotlarga boy boʻldi. Har ikkala ijodkor uy-muzeyidagi eksponatlar bilan tanishuv ularga adabiyot darslarida qoʻllashlari uchun qoʻshimcha manba va maʼlumot sifatida xizmat qiladi.
✅Tanlov yakunlariga koʻra “Ona tili” yoʻnalishi boʻyicha
1-oʻrinni Surxondaryo viloyati, Jarqoʻrgʻon tumani, 46-maktab oʻqituvchisi Turgʻunboyev Xusniddin Akmalovich,
2-oʻrinni Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, 19-maktab oʻqituvchisi Xakimova Nilufar Sabitjanovna,
3-oʻrinni Navoiy viloyati, Navoiy shahri,11-AFCHOʻIM oʻqituvchisi Rajabova Komila Bahodirovna egalladi.
Tanlovning ikkinchi yoʻnalishi “Oʻzbek tili” yoʻnalishi boʻyicha
1-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahri, 44-maktab oʻqituvchisi Tulasheva Mehriyo Abdurahimovna,
2-oʻrinni Namangan viloyati, Uchqoʻrgʻon tumani, 39-maktab oʻqituvchisi Abdullayeva Sevara Gʻofurjonovna,
3-oʻrinni Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, 91-maktab oʻqituvchisi Boyatov Oybek Maxmudjon oʻgʻli egalladi.