Xalq taʼlimi vazirligi masʼullarining Farg‘ona viloyati maktablarini o‘rganish jarayonidagi navbatdagi manzili Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumani bo‘ldi. Maktablardagi o‘rganish ishlari Qo‘qon shahridagi 16-sonli hamda Uchko‘prik tumanidagi 28-maktablarda davom etdi.
Qo‘qon shahridagi 16-maktabda pedagogik jamoa bilan muloqot qilinib, o‘qituvchilar mamlakat taqdiriga daxldor ekanligi, buning uchun masʼuliyat bilan o‘quvchilarga puxta bilim berish kerakligi, maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, o‘quvchilarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish muhimligi taʼkidlandi. Shahar xalq taʼlimi bo‘limiga qisqa muddatda maktabda sog‘lom muhitni shakllantirib, maktab direktorligiga munosib nomzod tavsiya etish topshirig‘i berildi.
Uchko‘prik tumanidagi 28-maktabda esa 9-sinf o‘quvchilari uchun “Vazir darsi” tashkil etildi. Darsda o‘quvchilarning matematika, tarix, kimyo fanlaridan bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Eng faol qatnashgan 3 nafar o‘quvchiga planshet hamda sinf o‘quvchilariga kitoblar jamlanmasi berildi. Yosh isteʼdod egasi Muxlisaxonga planshet va kitoblar sovg‘a qilinib, sheʼrlarini respublika gazeta va jurnallarida chop etishga tavsiya etildi.
Eslatib o‘tamiz, Davlatimiz rahbarining shu yili o‘tkazilgan yig‘ilishlarida berilgan topshiriqlariga asosan tuman hokimlari hamda sektor rahbarlari maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini yaxshilashda amaliy yordam berishlari belgilangan.