Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Samarqand shahridagi maktablarda boʻlib, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan uchrashdi.
Oʻqituvchilar doimiy ravishda oʻz ustida ishlashi, zamonaviy axborot - kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanib, bilimi va mahoratini oshirib borishi kerakligini taʼkidlab, oʻquvchilarga sifatli taʼlim berishda xorijiy ilgʻor tajribalardan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, Samarqand viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori va viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi hamda maktab oʻqituvchilari bilan yangi oʻquv yilidagi rejalar, kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashib, “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasidan tashqari olis va taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun Navoiy, Andijon, Namangan viloyatlaridan kelib, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Nurobod tumanlarida faoliyat yuritayotgan maktab direktorlari va pedagoglar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida viloyatning olis va taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarida ish faoliyatini boshlagan pedagoglar oʻquvchilarga zamonaviy va sifatli taʼlim berish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlar boʻyicha oʻz takliflarini berdi.
Ilgʻor ish tajribalari bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan tajribali ustozlar va iqtidorli oʻquvchilarga motivatsiya berish va ragʻbatlantirish maqsadida esdalik sovgʻalari topshirildi.
Samarqand viloyati xalq taʼlimi xodimlarini
qayta tayyorlash va ularning malakasini
oshirish hududiy markaz matbuot xizmati