Xalq taʼlimi vaziri ilgari maktab filiali boʻlgan hamda hozirda zamonaviy shart-sharoitlarga ega Chiroqchi tumanida yangi barpo etilgan 192-, 199-maktablar faoliyati bilan tanishdi.
Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida birgina Chiroqchi tumanidagi paxsa devorli 17 ta maktab binosi oʻrnida yangi zamonaviy maktablarning oʻquv binolari qurilayotgan boʻlsa, investitsiya dasturi asosida 29 ta, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari doirasida esa 4 ta maktab binolarida qurilish taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Keng koʻlamli qurilish maydoniga aylangan Chiroqchining zamonaviy aholi yashash manzillaridan biri boʻlayotgan “Oqoltin” qishlogʻida Mustaqillik bayrami arafasida 176 oʻrinli yangi 192-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻz faoliyatini boshladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur taʼlim muassasasi Investitsiya dasturi asosida «Bahor qurilish invest» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilgan. Maktabda oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, xonalar fanlar boʻyicha jihozlangan, kutubxona, sunʼiy qoplamali mini stadion oʻquvchilarning bilim olishi va sport bilan shugʻullanishlariga yaqindan yordam beradi.
Maʼlumot oʻrnida, Chiroqchi tumani “Navroʻz” mahallasi Hayitkul qishlogʻida 180 nafar oʻquvchini bagʻriga qabul qiladigan 199-sonli umumtaʼlim maktabining zamonaviy barcha qulayliklarga ega yangi binosi foydalanishga topshirilgan.
Darhaqiqat, 180 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotgan ushbu yangi maktab binosining barpo etilishi tuman markazidan olis chekka qishloq yoshlariga sifatli taʼlim-tarbiya berish, turmush sharoitini yaxshilash borasida davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida olib borilayotgan keng qamrovli amaliy ishlarning yorqin namunasidir.
Xalq taʼlimi vaziri maktab oʻqituvchilarini kelgusidagi faoliyatiga omad va zafarlar tiladi va taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan yuqorida qayd etilgan maktablarga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli takliflar berdi va maktab maʼmuriyatiga kitoblar jamlanmasini sovgʻa qildi.