XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI YAPONIYA XALQARO HAMKORLIK AGENTLIGI BILAN 100 MILLION YEN MIQDORIDAGI GRANT SHARTNOMANI IMZOLADI

13-avgust 2021-yil
image

Joriy yilning 13-avgust kuni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Miyazaki Suguru bilan umumiy miqdori 100 million yen boʻlgan shartnomani imzoladi. Mazkur grant shartnomasi asosida 2 yil davomida respublikamiz boʻylab 14 ming nafar 8-10-sinf oʻquvchilarining matematika fanidan bilimlari sinovdan oʻtkaziladi. Test sinovlarini Yaponiyada yagona davlat imtihonlarini amalga oshiruvchi KEI Advanced tashkiloti olib boradi.

photo2021-08-1315-02-14.jpg

- Ayni paytda yapon tajribasini boshqa qator tashkilotlar bilan ham taʼlim sohasida amalga oshirib, Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Natijalar oʻz navbatida sohadagi kamchiliklarni bartaraf boʻlishiga va taʼlim sifatini yangi pogʻonaga koʻtarilishiga olib keladi, - deya taʼkidladi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

Tashkilotning test sinovlari amaliyoti xalqaro test standartlariga muvofiq ekanligi bois imzolangan shartnoma asosida respublikamiz umumtaʼlim maktablarida ham kelgusida jahon taʼlim standartlariga mos oʻquvchilarning bilimlarini sinovdan oʻtkazish tizimi joriy qilinadi. Grant shartnomasining ahamiyatli jihati shundaki, KEI Advanced tashkiloti shunchaki test oʻtkazibgina qolmay, natijalarga asoslangan holda har bir oʻquvchi uchun bilimlarini oshirishga yoʻnaltirilgan individual dasturlarni ishlab chiqadi va joriy qiladi. Bu esa oʻquvchilarning bilimlarini sinovdan oʻtkazishdan koʻzlangan aniq maqsad - oʻqish jarayonlarida yuzaga keladigan kamchiliklarni ochib beradi va ularni bartaraf etishda koʻmaklashadi.

photo2021-08-1315-02-14-2.jpg

Loyihani amalga oshiruvchi ikki asosiy tashkilot – A. Avloniy nomidagi xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti hamda KEI Advanced tashkilotining ekspert vakillaridan tashkil topgan doimiy ishchi guruh Avloniy ilmiy-tadqiqot institutida birgalikda faoliyat yuritadi. Mahalliy ekspertlar Yaponiya amaliyotining Oʻzbekiston milliy oʻquv standartlariga mos kelishini doimiy nazorat qiladi. Ishchi guruh kelgusida taʼlim tizimini jahon standartlariga moslashtiradi va joriy qiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu