OʻQUVCHILARNING MAKTAB FORMASINI KIYISH TARTIBI VA TALABI OʻZGARMAYDI

8-iyul 2021-yil
image

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining XABARNOMASI

Joriy yilning 5-iyul kuni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida" qabul qilingan yangi tahrirdagi Qonun OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining kiyinish madaniyati, xususan oʻquvchi-qizlarni maktabda bosh kiyimdayurishi hamda oʻgʻil bola oʻquvchilarningsoqol qoʻygan holda maktabga kelishlari masalasida turli savollarni keltirib chiqarmoqda.

Shularni inobatga olgan Xalq taʼlimi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Maʼlumki, oʻquvchilarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kiyinish madaniyati bilan bogʻliq normalar amaldagi taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilab berilgan.

Shuningdek, joriy yilning 5-iyul kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi Qonunning sharhida ham amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinishi maʼlum qilingan.

Xususan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida talim tizimi dindan ajratilgandir. Talim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy talim muassasalari mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni 49-moddasida taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.

Mazkur vakolatdan kelib chiqib, davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish koʻnikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, maʼnaviy va jismoniy sogʻlom avlodni kamol toptirish maqsadida Hukumat tomonidan 2018-yil 15-avgustda 666-son “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingan.

Shu bilan birga mazkur qaror bilan Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (matnda keyingi oʻrinlarda – Nizom) tasdiqlangan.

Mazkur Nizomga koʻra umumtaʼlim maktablarida:

– oʻgʻil bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq

qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi

2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyagan holda kelishlariga;

– qiz bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.

Nizomga muvofiq, oʻquvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday oʻquvchilarga quyidagi choralar qoʻllanishi mumkin:

– ogohlantirish;

– kundalik daftariga qayd etish;

– tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;

– fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va taʼlim muassasasidagi yigʻilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.

Mazkur talablarga oʻquvchilar tomonidan qatʼiy amal qilinishi uchun ota-onalar masʼul hisoblanishini Nizomda belgilanganligini alohida taʼkidlash lozim.

Bugungi kunda davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari taʼlim muassasasiga mazkur Nizom talablarida belgilangan tartib hamda taʼlim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan bugungi kunda Nizomning yuridik kuchga ega emasligi, unda belgilangan qoidalar amalda emasligi haqidagi hech qanday asosga ega boʻlmagan maʼlumotlar tarqatilmoqda. Ushbu fikrlarga shuni alohida qayd etishimiz joizki, zamonaviy yagona maktab formasi 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab majburiy etib belgilangan boʻlsada, biroq Nizomda belgilangan talablar davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻquvchilari va xodimlari, oʻquvchilarning ota-onalari uchun bugungi kunda ham majburiy va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi boʻyicha amal qiladi.

Maktab formasini joriy etishning maqsadi oʻquvchilarning bilimli, odob-axloqli, sogʻlom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs boʻlib yetishishiga koʻmaklashish, oʻzaro tenglik va belgilangan tartib-qoidalarga itoatkorlik hissini uygʻotish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratish, oʻquvchilar oʻrtasida cogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirishdan iborat.

Taʼkidlash lozimki, Nizomning 7-bandida oʻquvchilar taʼlim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligi belgilangan.

Bunda Oʻzbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy oʻrta taʼlim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan oʻquvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qoʻshishga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatilgan.

Qoʻshimcha ravishda, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning 48-moddasiga asosan,ustav (taʼsis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va taʼlim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etish taʼlim oluvchilarning majburiyatlaridan biri etib belgilangan.

Shu munosabat bilan, Xalq taʼlimi vazirining 2020-yil 28-maydagi 131-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarining 8-bandiga muvofiq, oʻquvchilar taʼlim muassasasiga belgilangan maktab formasida kelishlari lozim ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shunga asosan, farzandlarini maktabga kiyinish madaniyatiga va Nizomda belgilangan talablarga muvofiq holda borishlariga oʻquvchilarning ota-onalaridan farzandlarining yorqin kelajagi uchun javobgarlikni oʻz boʻyinlariga olgan holda, masʼuliyat bilan yondashishlarini soʻraymiz. Aks holda, amaldagi qonun hujjatlariga asosan ular tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin ekanligini eslatib oʻtmoqchimiz.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 47-moddasida ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi ushbu shaxslarni bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan.

Yana shuni alohida aytish joizki, 2021-yil 30-martda qabul qilingan Qonun bilan mazkur Kodeks 2011-modda bilan toʻldirilib, unga asosan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida daʼvat qilish bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan.

Ushbu holatlarni kelib chiqishini oldini olish, farzandlarimizni yurtimizda belgilangan qonun-qoidalarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida hamda ularning yorqin kelajagi uchun masʼul ekanligimizni unutmagan holda belgilangan talablar doirasida taʼlim olishlariga imkoniyat yaratib berishimiz lozim.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu