Joriy yilning 3-may kuni Xalq taʼlimi vazirligida AQSHlik olim, “Doʻstlik” ordeni sohibi Mark Riz, Abdulla Qodiriy nabirasi Xondamir Qodiriy hamda Vazirning birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda amerikalik mehmon Oʻzbekistonda umumiy oʻrta taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Mark Edvard Riz oʻz mehnat faoliyati davomida Oʻzbekistonda 1994-1996-yillar davomida ishlagani, bu davrda koʻp vaqtini Fargʻonada oʻtkazgani, mutaxassis sifatida oʻz faoliyatini maktabda olib borganini alohida hayajon bilan esga oldi.
Olim Abdulla Qodiriyning «Oʻtkan kunlar» asarini ingliz tiliga tarjima qilish ustida 15 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan. Kitobning birinchi taqdimoti 2019-yil dekabr oyida Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida boʻlib oʻtgan. Mark Riz mazkur asarning ingliz tilidagi talqini oʻzbek oʻquvchilarining ingliz tilini oʻrganishida yordam berishiga umid bildirdi.
Amerikalik olimga oʻqituvchilarning malakasini oshirishda hamkorlik imkoniyatlari boʻyicha maʼlumotlar berildi.