VOYAGA YETMAGAN SHAXSLARNING REPRODUKTIV SALOMATLIGINI SAQLASHGA OID DOLZARB MASALALAR MUHOKAMA QILINDI

1-aprel 2021-yil
image

2021-yil 31-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari, yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari tomonidan “Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlashga oid dolzarb masalalar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, maktabgacha taʼlim vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF hamda boshqa tuzilmalar qatnashdi.

Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev soʻzga chiqar ekan, bugungi kunda umumtaʼlim maktablarining 1-4-sinflarida “Salomatlik darslari” oʻquv kursi atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, jismoniy tarbiya fanlari, 5-8-sinflarda “Sogʻlom avlod asoslari”, 9-11-sinflarda “Sogʻlom turmush madaniyati” oʻquv kurslari biologiya, texnologiya, jismoniy tarbiya fanlari doirasida hamda 9-10-sinflarda biologiya fani doirasida reproduktiv salomatlik, oʻsmirlar fiziologiyasi masalalari oʻqitib kelinayotganini qayd etdi. Bundan tashqari, 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab 1-11-sinflarda “Tarbiya” fani joriy etilib, reproduktiv salomatlik savodxonligini oshirishga qaratilgan mavzular kiritilgan.

1cc96f2dd8da6fc41458e.jpg

Qolaversa, Xalq taʼlimi, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va BMTning bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF va boshqa tuzilmalari bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning reproduktiv salomatligini saqlash yoʻnalishida targʻibot tadbirlarini oʻtkazib kelinayotgani qayd etildi.

Davra suhbatida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada hal etilishi zarur boʻlgan muammolar ham mavjudligi taʼkidlandi.

Jumladan, yoshlar orasida tibbiyot va taʼlim muassasalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda sogʻlom oilani shakllantirish, oʻsmirlar, ayniqsa, oʻsmir qizlar reproduktiv salomatligini mustahkamlash boʻyicha keng targʻibot va tushuntirish ishlari tashkil etilmayapti.

Bundan tashqari, davra suhbatida senatorlar tomonidan hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida umumtaʼlim maktablarida reproduktiv salomatlik va oʻsmirlar fiziologiyasi masalalarini oʻqitish masalasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida olib borilmayotganligi, shuningdek ushbu oʻquv dasturlarini maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan mutaxassislar tomonidan oʻqitilishi belgilangan boʻlsada, aksariyat maktablarda nomutaxassis pedagog xodimlar tomonidan oʻqitilayotganligi qayd etildi.

Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil etish asosida davra suhbati ishtirokchilari tomonidan voyaga yetmaganlarning reproduktiv salomatligini saqlash, taʼlim muassasalari oʻquv rejalariga reproduktiv salomatlik va oʻsmirlar fiziologiyasi boʻyicha tegishli oʻquv yuklamalarini kiritish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu