To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 37-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Nodira Nabiyeva “Inglizcha - O‘zbekcha Surdo lug‘at" tayyorlagan umidli yoshlardan biridir.
Germaniyaning “Lambert Academic Publishing” nashriyotida uning "Teaching English to deaf students" nomli kitobi chop etilib, 8 ta tilga tarjima qilingan.
Mazkur adabiyot AQSHning Galladet universiteti professor - o‘qituvchilari tomonidan yuqori baholanib, ayni paytda yordamchi o‘quv-uslubiy qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda.
Buning uchun izlanuvchan muallimaga 5 ming AQSH dollari gonorar sifatida to‘lab berilgan.
Shuningdek, Nodira Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti doktorantura yo‘nalishiga 100 foizli grant yutib olib, Clarendon stipendianti bo‘lgan. Biroq, oilaviy sharoiti tufayli tahsilni davom ettira olmagan.
Ayni paytda esa, Is’hoqxon Ibrat nomidagi chet tillari institutining tayanch doktoranti sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirga qadar pedagogning 50 dan ortiq ilmiy maqolalari Germaniya, AQSh, Fransiya, Angliya, Hindiston, Chexiya kabi davlatlarning yuqori impakt faktorli jurnallarida chiqqan.