Toshkent shahrida “Jadidlar izidan” tanlovining Respublika bosqichi hamda “Barkamol avlod bolalari” festivalining yakuniy hisobot konsert dasturi o‘tkazildi

20-dekabr 2024-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning oktyabr-dekabr oylari davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda nodavlat ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ularning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini yanada shakllantirish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali kitobxonlikka jalb etish, buyuk jadid alomalar hayoti va ijodi bilan tanishtirish, kitobxon bolalarni aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki sinf toifasida (1-toifa: 6-, 7-, 8-sinflar 2-toifa: 9-10-sinflar) “Jadidlar izidan” Respublika tanlovi tashkil etildi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda ishtirokchi o‘quvchilar jadidlarizidan.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali ishtirok etishmoqda. Tanlovda ishtirok etish uchun 364 906 ta (shundan 219 868 tasi 6-8-sinf, 136 944 tasi 9-10-sinf o‘quvchisi, 8 094 tasi nodavlat ta’lim muassasalari o‘quvchisi) ariza kelib tushgan.
Tanlov nizomiga ko‘ra, ushbu ishtirokchilar ikki sinf, ya’ni, 6-8-sinf hamda 9-10-sinf o‘quvchilari toifasida joriy yilning 28-30-oktyabr kunlari sektorlar kesimida saralab olindi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichi esa shu yilning 31-oktyabr kuni barcha hududlarda bir vaqtda tashkil etilib, unda sektor bosqichlarida saralab olingan 13 299 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi. Ishtirokchilar mazkur bosqichda 2 ta shart (test va savol-javob) asosida bellashdi.
Hududiy bosqichlar esa joriy yilning 13-23-noyabr kunlari o‘tkazilib, unda tuman (shahar) bosqichlari yakuniy natijalariga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 416 nafar o‘quvchilar qatnashdi.
Tanlovning Respublika bosqichi har bir hududdan 2 nafardan (6-, 7-, 8-sinflardan 1 nafar, 9-10-sinflarlardan 1 nafar) jami 28 nafar ishtirokchilar o‘rtasida joriy yilning 17-20-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazildi.
Tanlovning Respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra har bir sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 7 nafardan (I, II, III o‘rin g‘oliblari hamda eng yuqori ball to‘plagan 4 nafar) jami 14 nafar ishtirokchilar xorijiy davlatga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, to‘garaklarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni aniqlash hamda ular orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan shu kuni “Turkiston” san’at saroyida maktabdan tashqari ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar sarhisobini o‘z ichiga olgan “Barkamol avlod bolalari” festivalining yakuniy hisobot konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
“Madaniyat va san’at” — yo‘nalishi (Tasviriy san’at va libos);
“Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” — yo‘nalishi (Robototexnika va konstruktorlik);
“Jismoniy tarbiya va sport” — yo‘nalishi (Shaxmat-shashka);
“Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” — yo‘nalishi (Munchoqli bezak);
“Turizm va ekologiya” — yo‘nalishi (Karving);
“Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov” — yo‘nalishi (Mental arifmetika);
“Xorijiy tillar” — yo‘nalishi (Ingliz tili)
Hisobot konsert dasturi davomida to‘garagimiz a’zolarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, “Barkamol avlod bolalari” festivali barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 3 bosqichda o‘tkazilib, jami 274 000 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat ko‘rsatadi, ulardagi mavjud 10 778 ta to‘garaklarda 327 197 nafar o‘quvchi-yoshlar bilim va kasb-hunar o‘rganib kelmoqda!

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu