Ozarbayjon Respublikasi Fan va taʼlim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillaridan iborat delegatsiya Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiya markazida joylashgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi “Mehrli maktab”da bo‘ldi.
Bundan ko‘zlangan maqsad kelgusida O‘zbekiston hamda Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, gospital taʼlimi bo‘yicha mamlakatimiz faoliyatini Ozarbayjon Respublikasining ayni turdagi tibbiyot muassasalarida joriy etishdan iborat.
Tashrif davomida Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat hamda O‘zbekistonning gospital taʼlimi bo‘yicha, xususan, markazda joylashgan “Mehrli maktab”da bolalarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Delegatsiya aʼzolariga hamrohlik qilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov mazkur gospital maktabda uzoq muddat davomida davolanayotgan hamda maktab yoki bog‘chaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalarga berilayotgan taʼlim hamda ushbu yo‘nalishdagi mamlakatimiz tajribasi bilan xorijiy delegatsiyani batafsil tanishtirib o‘tdi.