Musiqa fani oʻqituvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi

26-noyabr 2024-yil
image

Bugun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida musiqa fani oʻqituvchilari tirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, soha masʼullari, umumtaʼlim, musiqa va sanʼat maktablari pedagoglari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentning 2024-yil 15-noyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida musiqa madaniyati fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi.

Qarorga asosan, musiqa fani oʻqituvchilarining pedagogik faoliyatini yuqori baholash va ularga yaratgan sharoitlarni yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshiriladi.

Xususan, musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash va malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu yoʻnalish boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, oʻqituvchilarga toifa berishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.

Malaka oshirish tizimi dual taʼlim asosida amalga oshirilib, 100 soatga moʻljallangan malaka oshirish kurslaridagi nazariy fanlar Pedagogik mahorat markazlarida, amaliy mashgʻulotlar Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida amalga oshiriladi.

Musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish va sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilarga 20 foizgacha boʻlgan ustamalar berish tizimi joriy etiladi.

“Turon maktab teatri”ning ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” havaskorlar badiiy jamoalari tashkil etiladi. Ushbu jamoalar ishtirokida 3 bosqichli “Iqtidor” maktab ansambli Respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Hududlardagi musiqa va sanʼat maktablari umumtaʼlim maktablariga tayanch maktab sifatida biriktirilib, iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish maqsadida muntazam koʻrik-tanlovlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

Iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, umumtaʼlim maktablari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari va “Barkamol avlod” bolalar maktablari integratsiya qilinadi.

Oʻz navbatida barcha maktablarda musiqa madaniyati fanini oʻqitish boʻyicha zarur moddiy-texnik baza yaratilib, milliy va zamonaviy cholgʻu asboblari bilan taʼminlanadi.

Tadbirda har bir musiqa fani oʻqituvchisi oʻz kasbining mohir ustasi boʻlishi, oʻquvchi va shogirdlariga eng avvalo oʻzi ibrat, namuna boʻla olishi, buning uchun doimo oʻz ustida ishlashi lozimligi qayd etib oʻtildi.

Muloqot doirasida pedagog va mutaxassislarning musiqa fanini yanada rivojlantirish, sohadagi oʻqituvchilarning bilim va malakalarini yanada oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalari, takliflari tinglandi.

Shuningdek, mavzuga doir savollarga vazirlik masʼul xodimlari tomonidan atroflicha javob berib oʻtildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu