Maktabgacha taʼlim boshqaruvida ham “Direktorlar kengashi” ish tajribasi joriy etiladi

21-noyabr 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida umumtaʼlim maktablarida musiqa, jismoniy tarbiya va  CHQBT fanlarini oʻqitishni rivojlantirish, oktabr-noyabr oylarida oʻtkazilgan navbatdagi malaka sinovlari yakunlari hamda “Jadidlar izidan” tanlovining hududiy bosqich jarayonlariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan musiqa, jismoniy tarbiya va CHQBT fanlarini oʻqitishni rivojlantirishga bagʻishlangan qator qarorlar ijrosiga atroflicha toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etilganidek, musiqa va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun ham malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy etilib, u ikki bosqichda (nazariy, amaliy) amalga oshiriladi. CHQBT va Jismoniy tarbiya fani oʻquv dasturlari toʻliq qayta koʻrib chiqilib, takomillashtiriladi.

Shuningdek, iqtidorli oʻquvchilar orasida 3 bosqichli “Iqtidor” maktab ansambli Respublika tanlovi oʻtkaziladi hamda maktablarda sportni ommalashtirish boʻyicha reyting tizimi ishlab chiqiladi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning 29-oktabridan 20-noyabrigacha pedagoglarni navbatdagi attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlari oʻtkazildi va unda 144 928 nafar (98,1 foiz) pedagog ishtirok etdi. Ularning 18,3 ming nafari navbatdagi majburiy, 136,1 ming nafari navbatdan tashqari, 19,3 ming nafari toʻgʻridan-toʻgʻri malaka sinovlarida qatnashdi.

Yigʻilishda joriy yilning oktyabr oyidan boshlab barcha maktablarda “Jadidlar izidan” tanlovining sektor, tuman (shahar) bosqichlari oʻtkazilib, unda 346 mingdan ziyod oʻquvchi ishtirok etganligi qayd etildi.

Tanlovning hududiy bosqichlari joriy yilning 12-23-noyabr kunlari oʻtkazilishi belgilangan. Bugungi kungacha tanlov 10 ta hududda yuqori saviyada tashkil etildi. Masʼullarga tanlovni qolgan hududlarda ham yuqori darajada tashkil etish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.

Maʼlumot uchun: tanlovning respublika bosqichida har bir hududdan 2 nafardan (6-8-sinf hamda 9-10-sinf toifalaridan 1 nafardan) ishtirokchi qatnashadi.

Vazir Hilola Umarova yigʻilish davomida maktabgacha taʼlim tizimi rahbar va xodimlari malakasi hamda tizim samaradorligini yanada oshirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

Shuningdek, umumtaʼlim maktablarini boshqarish amaliyotida keng qoʻllab kelinayotgan “Direktorlar kengashi” ish tajribasini maktabgacha taʼlim tizimida ham joriy etish va bu orqali bogʻcha direktorlarini tayinlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli masʼul xodimlarga kerakli vazifalar berildi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu