Bugun poytaxtimizdagi Hilton mehmonxonasida Makatabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratboy Sharipov, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.b Yuliya Risyukova, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatiana Proskuryakova, YUNESKO tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Yunisefning O‘zbekistondagi vakili Regina Maria Kastillo ishtirok etdi.
Shuningdek, AQSH, Finlandiya, Germaniya, Singapur, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlaridan ta’lim sohasidagi tajribali ekspertlar hamda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar, izlanuvchilar va soha mutaxassislari tomonidan ta’lim sifatini ta’minlash, maktab rahbarlari va o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish kabi masalalarga qaratilgan mavzularda taqdimot qilindi.
Tadbirda Andreas Shlyayxer o‘quvchilarning savodxonligini baholash Xalqaro dasturi (PISA) va boshqa xalqaro dasturlarning tashabbuskori hamda boshqaruvchisi hisoblanib, 20 yildan ortiq vaqt davomida ta’lim sifatini oshirish, tengligini ta’minlash uchun dunyo bo‘ylab hukumat rahbarlari va ta’lim vazirlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Ayni vaqtda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organisation for Economic Cooperation and Development - OECD) bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, Ta’lim va ko‘nikmalar direktori vazifasida faoliyat olib borib, turli mamlakatlarning siyosatchi, tadqiqotchi va o‘qituvchilari uchun ta’lim siyosati hamda amaliyotini yangilash bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Andreas Shlyayxer yurtimizda o‘qitish va ta’lim olishni o‘rganish xalqaro (TALIS) tadqiqoti doirasida maktablardagi ta’lim muhitini va amaliyotini baholash bo‘yicha ko‘mak beradi.
Ta’kidlash joizki, Abdulla Avloniy instituti ilk bor 90 yil ilgari 1934-yil 4-mayda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kursi negizida O‘zbekistonda xalq ta’limi kadrlarini malaka oshirish instituti nomi bilan tashkil etilgan. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston ta’limining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan va ta’lim sohasidagi kadrlarning malakasini oshirishda muhim rol o‘ynagan.
O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab viloyatlarda ham malaka oshirish institutlari tashkil etilgani sababli, 1964-yil 22-sentabrdan institutga Markaziy institut maqomi berilgan. Markaziy institut Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston respublikalaridagi o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktab o‘qituvchilari malakasini oshirishda ham ko‘mak bergan.
Istiqlolga erishgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi 169-farmoyishiga asosan Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti maqomi hamda buyuk ma’rifatparvar, pedagog, jadidchilik harakati namoyondalaridan biri Abdulla Avloniy nomi berilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini ta’minlash, ularning kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini muntazam oshirib borish, Prezident maktablarida to‘plangan ilg‘or tajribalarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga keng tatbiq etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi 231-sonli qarori asosida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti bino va inshootlari to‘liq yangidan barpo etildi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Institutga tashrifi doirasida bayram tuhfasi sifatida taqdim etildi.
Institutning yangi binosi ma’rifiy sohalarda kechayotgan islohotlarning yorqin namunasidir. Unda 950 o‘rinli o‘quv binolar, 560 o‘rinli zamonaviy tipidagi mehmonxona, 87 ming fondga ega Axborot-resurs markazi hamda Abdulla Avloniy yodgorlik muzeyi barpo etildi.
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohatlarni xalqaro darajada bohalash hamda nufuzini mustaxkamlash, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS tadqiqotlarida O‘zbekistonning munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida Institutda Xalqaro tadqiqotlar markazi, shuningdek innovasion faoliyatni rivojlantirish, tabiiy fanlar va muhandislik, matematika yo‘nalishdagi fanlararo, ilmiy-tadqiqot va loyiha mashg‘ulotlariga asoslangan zamonaviy ta’lim muhitini yaratish maqsadida STEAM markazi tashkil etildi.
Institut faoliyati kengayib, zamonaviy rahbar uchun zaruriy ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan menejerlik o‘quv kurslari joriy etildi. Qariyib bir yil davomida 1 200 nafardan ortiq milliy rahbar kadrlar zahirasi shakillantirildi.
Bugungi kunda o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish maqsadida xalqaro ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etilib, kaskad usulida 87 ming nafar aniq va tabiiy fan o‘qituvchilarning malakasi uzluksiz oshirilmoqda. 2025-yildan barcha fanlar bo‘yicha 450 ming nafar o‘qituvchilarni qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktab ta’lim tizimidagi muammmolarni o‘rganish, tadqiq etish va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida magistratura va doktorantura sohalari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yigan.
Bugungi kunda institut ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha 20 dan ziyod xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Institutning 90 yilligiga bag‘ishlab “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida o‘tkazilayotgan konferensiya A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlarda shoʻbalar tashkil qilinadi:
1. Rahbar va pedagog kadrlarni “Hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning innovasion yondashuvlari;
2. XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’limda globallashuvni ta’minlashda PISA xalqaro tadqiqotlari ahamiyati;
3. Ta’limda raqamli transformatsiya va sun’iy intellektga asoslangan ta’limning tendensiyalari;
4. Inklyuziv ta’limda zamonaviy tadqiqotlar, pedagogik yutuqlar va muvaffaqiyatli loyihalar;
5. Tarbiya va odob-axloq ta’limning ajralmas qismi sifatida: yoshlarda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, o‘quvchi-yoshlarni tarbiyalashning pedagogik shart-sharoitlari.
Konferensiya o‘tkazishdan asosiy maqsad – raqamli transformatsiya sharoitida maktab ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqish: rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonlari samaradorligini oshirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ta’lim bo‘yicha xalqaro baholash dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va milliy metodikalarni ishlab chiqish, shuningdek, jadid ma’rifatparvari, pedagog olim Abdulla Avloniy merosini zamonaviy ta’limiy trendlar bilan integratsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqot natijalarini ommalashtirish, istiqbolli ilmiy-amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 30-sentabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutiga tashrifi chog‘ida o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qilib, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mazkur institutni pedagoglar kasb mahoratini oshirishga mas’ul etib, malaka oshirishda vazirlik – malaka oshirish markazi – maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizimni yo‘lga qo‘yish vazifasini belgilab berdi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ham o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi, professional kompetentligi va pedagogik mahoratini muntazam yuksaltirib borish kabi masalalarni har tomonlama chuqur tahlil etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu anjuman ta’lim sifatini oshirish, innovatsion o‘qitish metod, texnologiya va metodikalarini o‘zlashtirish, o‘qituvchilarni zamonaviy pedagogik metodlar bilan tanishtirish va ularning professional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilarning o‘quv faoliyati natijalarini baholashning xalqaro tadqiqotlar prinsiplariga moslashtirish va inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni hal etishda xalqaro ta’lim hamjamiyati bilan tajriba almashish maydoni vazifasini ham o‘taydi.
Konferensiya olimlar, o‘qituvchilar va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga o‘z tadqiqotlari, loyihalarini muhokama qilish hamda tajribalarini almashish imkonini beradi.