Joriy yilning 10-22-noyabr kunlari Boku shahrida oʻtkazilayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi – COP29 doirasida oliy darajadagi tadbirlar tashkil etilib, muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkiya tomonidan 2024–2030-yillarda barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish boʻyicha Xalqaro strategiya imzolandi. Ekologik taʼlim va “yashil” koʻnikmalarni rivojlantirish, ushbu jihatlarni ham rasmiy, ham norasmiy taʼlim tizimiga singdirish strategiyaning muhim qismidir.
Shuningdek, tadbirlarda “Eco-schools Uzbekistan” loyihasi aʼzolari ham ishtirok etib, mintaqaviy va xalqaro eko-oromgohlar davomida ishlab chiqilgan iqlimga oid tashabbuslarini namoyish etdi.
Yosh ekofaollarimiz Ekologik kun tartibi boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasini tuzish, bilim almashish, mintaqaviy va milliy iqlim loyihalarini muvofiqlashtirish uchun maydon taqdim etuvchi raqamli platformani ishlab chiqish, “Young Climate Champions” xalqaro ekofaollar hamjamiyatini kengaytirish, “Transchegaraviy ekotizimlar” kabi loyiha va takliflarni bildirishdi.