“21-oktabr — Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” munosabati bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumtaʼlim muassasalari pedagoglari ishtirokida “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” respublika tanlovi oʻtkazilmoqda.
Maʼlumki, tanlovning hududiy saralash bosqichlari 16-20-sentabr kunlari oʻtkazildi va bunda ishtirokchilar vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan maxsus bot orqali roʻyxatdan oʻtib, video-taqdimotlarini yuborishdi.
Bugun poytaxtimizdagi 191-maktabda tanlovning respublika bosqichiga start berildi. Unda hududiy bosqichlarda gʻolib deb topilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maktablarining 2 nafardan ona tili va oʻzbek tili fani oʻqituvchilari ishtirok etadi.
Tanlov gʻoliblari ertaga — 18-oktabr kuni quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” I darajali diplomi, 20 mln. soʻm pul mukofoti;
2-oʻrin uchun — “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” II darajali diplomi, Monoblok;
3-oʻrin uchun — “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” III darajali diplomi, Noutbuk.
Maʼlumot uchun: 17-18-oktabr kunlari Toshkent shahridagi 191- va 196-maktablarda “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Oʻzbek tili” va “Ona tili” fanlaridan mahorat darslari ham tashkil etilmoqda.