Poytaxtimizdagi 298-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, vazir o‘rinbosarlari hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanini ochib bergan Hilola Umarova jurnalist va blogerlarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi:
“Bizning tizim juda katta – maktablarimizda 6 yarim milliondan ortiq o‘quvchi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarimizda 2 milliondan ortiq bog‘cha bolasi, texnik xodimlarni qo‘shib hisoblaganda bir millionga yaqin pedagog jamoamiz bor. O‘quvchilar va bog‘cha bolalarimizning ota-onalari bilan ham bevosita ishlaymiz. Bu degani, bizning kundalik faoliyatimiz deyarli har bir xonadonda har kuni muhokama bo‘ladi. Aytmoqchi bo‘lganim, vazirlik tizimi faoliyati hammaning yaqqol ko‘z o‘ngida turadi. Mazkur jihat bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi, albatta”, – deya o‘z fikrini bildirdi.