Yangi oʻquv yilini samarali tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi

26-avgust 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida yangi oʻquv yilini samarali tashkil etish hamda sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, masʼul xodimlar hamda hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etdi.

Dastavval, vazir Prezidentimiz tomonidan eʼtirof etilib, Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan taqdirlanganlarni ushbu yutuq bilan muborakbod etdi.

Soʻngra kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib, “Salom bogʻcha”, “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari va “Mustaqillik darsi”ni yuqori saviyada oʻtkazish ishlarini tashkil etish, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan tavsiya va namunaviy ssenariylarga qatʼiy amal qilishni alohida taʼkidlab oʻtdi. 

Yigʻilishda qayd etilganidek, 2024-2025-oʻquv yilida 1-sinfga 719 ming nafardan ortiq oʻquvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, shu kunga qadar 663 ming nafardan ortiq ariza qabul qilingan. Shu bois 1-sinfga qabul jarayonlarini tezlashtirish hamda targʻibot ishlarini kuchaytirish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yil oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida 12 nomdagi “Prezident sovgʻalari”ni joylarga yetkazish har yilgidan barvaqt boshlanib, hududlarga 100 foiz yetkazib berildi. Bu ishlarni yakuniy qismini ham yuqori notada tugatish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, yangi oʻquv yilida darsliklar bilan bogʻliq muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida SHTAB tashkil etilganiga toʻxtalib oʻtildi. Maktab kutubxonalaridagi 1-11-sinf darsliklarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish va darslik yetishmovchiligini aniqlab, qayta taqsimotni amalga oshirish boʻyicha masʼullarga qator topshiriqlar berildi.

Jumladan, amalda mavjud boʻlgan barcha darsliklarni oʻquvchilarga tarqatish, yetishmaydigan va ortiqcha darsliklarni aniqlash hamda tezkorlik bilan darslik yetishmayotgan maktablarga darsliklarini yetkazib berish belgilab olindi.

Tadbir soʻngida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu