UCHINCHI "USTOZLAR MILLIY FORUMI"

15-avgust 2024-yil
image

Ma’lumki, yurtimizda ta’lim sifatini oshirish va tizimda innovasion yondashuvlarni joriy qilish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Pedagoglarning kasbiy rivojlanishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish mana shunday tizimli ishlardan biridir.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimda ishlayotgan o‘qituvchilarni muntazam tarzda yangiliklardan xabardor qilish, ilg‘or metodikalar bilan tanishtirish va tajriba almashish maqsadida o‘quv treninglari tashkil etib kelinmoqda. Har yili yangi o‘quv yili oldidan avgust oyida o‘tkaziladigan Ustozlar milliy forumi ham shunday tadbirlardan biridir.

Mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad:

tizimda olib borilayotgan islohotlar,  ta’lim mazmunini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirish,

o‘quv rejalar, o‘quv dasturlar, darsliklar, yangi baholash tizimi, shuningdek, o‘quv jarayoniga tatbiq etiladigan ilg‘or metodikalarning  mazmun-mohiyatini soha xodimlariga yetkazishdan iborat.

Bu yilgi forum jarayonlari joriy yilning 15-16-avgust kunlari “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida Toshkent viloyatining “Renessans” bolalar oromgohida tashkil etilmoqda.

Unda yurtimizning barcha hududlaridan 400 nafar ilg‘or, tashabbuskor, yetakchi o‘qituvchi va tarbiyachilar jalb etiladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar samarasida bugun tizimda bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, joriy yilning  1 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi 901-sonli Qonuni qabul qilindi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 37 548 taga (2023 yil 33 942 ta), 3-7 yoshli bolalarning qamrab olish darajasi 74,6 foizga (2023 - 74 foiz), 6 yoshlilarni qamrovi 93 foizga yetkazildi.

Pedagoglarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishga qaratilgan maxsus platforma ishga tushirilib, 15 716 ta ilg‘or metodikalar ommalashtirildi.

500 ta maktabda ixtisoslashtirilgan maktablarining baholash tizimi joriy etilishi natijasida o‘zlashtirish 53 dan 59 foizga o‘sdi.

Nufuzli va mintaqaviy olimpiadalarda o‘quvchilarimiz tomonidan 2023-2024-o‘quv yilida hozirgacha jami 91 ta medal qo‘lga kiritildi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar ikkinchi xalqaro olimpiadasi va Buxoro shahrida Abu Ali Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi o‘tkazildi. Mazkur yutuqlarning barchasi tizimli ishlar natijasi hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida: mazkur forum tadbirlari an’anaviy tarzda kaskad usulida 19-20-avgust sanalarida viloyat miqyosida, 23-24-avgust sanalarida tuman (shahar)lar miqyosida, 27-30-avgust sanalarida barcha ta’lim muassasalarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida xususan quyidagi mavzularda trening mashg‘ulotlari tashkil etiladi:

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishda tarbiyachi-pedagoglarning roli,
  • darsliklarda qo‘llanilgan ilg‘or metodikalar,
  • tabiiy fanlarni o‘qitishda 5E modeli, jumladan, jalb qilish (engagement), tadqiq etish (exploration), tushuntirish (explanation), qo‘llash (elaboration), baholash (evaluation),  aniq fanlarni o‘qitishda MRT – “moddiy-rasmli-timsolli” (CPA – Concrete-Pictorial-Abstract) yondashuvlarini amaliyotga samarali tatbiq etish;
  • o‘quvchilarda 21 asr ko‘nikmalarini rivojlantirish,
  • tadqiqotchilik, kommunikativlik, raqamli va media savodxonlik, muammoni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish,
  • loyihaga asoslangan ta’lim, tadqiqotchilikka asoslangan ta’lim, o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’lim (Student-centered learning)ni o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha treninglar bo‘lib o‘tdi.
info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu