Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan "Prezident sovgʻalari" ni hududlarga joʻnatish va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik boʻyicha olib borilayotgan jarayonlar targʻibotiga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.
“Taʼminot va logistika xizmati” korxonasi hududidan boshlangan tadbirda vazirlik mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari, pedagoglar ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, 2024-2025-oʻquv yilida respublikadagi mavjud 10 182 ta umumtaʼlim maktabiga 719 366 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga chiqishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 586 290 nafar (81,5%) oʻquvchi qabul qilindi.
1-sinfga qabul qilingan oʻquvchilarga 12 nomdagi (portfel, daftar, rasm daftari, akvarel boʻyoqlari, rangli qogʻoz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim, oʻchirgʻich) oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi” berilishi koʻzda tutilgan. Ushbu oʻquv qurollari joriy yilning 10-avgustiga qadar hududlarga, 20-avgustiga qadar qabul qilingan oʻquvchilar soniga mos ravishda barcha maktablarga toʻliq yetkaziladi.
Oʻquvchilarni oʻz vaqtida oʻquv qurollari bilan taʼminlash maqsadida 1-sinfga qabul qilingan har bir oʻquvchi elektron tizimga (adm.maktab.uz) kiritib borilmoqda.
Press-tur davomida aytib oʻtilganidek, yangi oʻquv yilida asosiy eʼtibor taʼlim sifatini oshirishga qaratiladi. Shu maqsadda respublikadagi 500 ta maktabda tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan Prezident maktablarining oʻqitish va baholash tizimi yangi oʻquv yilidan boshlab qoʻshimcha tarzda yana 1 000 ta maktabda joriy etiladi.
Shuningdek, xorijdagi chet tili mutaxassislarini umumtaʼlim maktablariga jalb etish davom ettiriladi. Pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish uchun “Kasbiy rivojlantirish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” joriy etiladi.
2024-yilda Davlat dasturi asosida 608 ta (30 ta yangi maktab qurish, 518 tasini rekonstruksiya qilish va 60 tasini mukammal taʼmirlash) maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida 180 mingdan ortiq yangi oʻquvchi oʻrinlari yaratiladi, Shuningdek, 95 ta yangi sport zali binolari quriladi.
Yil yakuniga qadar maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish koʻrsatkichini 96 foizga yetkazish belgilangan.
Tadbir ishtirokchilari press-tur davomida Toshkent shahridagi 126-maktabda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda 204-sonli DMTT faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu maktabga joriy yilda 175 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. Taʼlim sifati va pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, sifat tarkibini yaxshilash borasida alohida ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida hozirda maktabdagi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar soni 14 nafarga ortdi, 17 nafar oʻqituvchi milliy va xalqaro sertifikatlarga ega boʻlishdi.
Poytaxtimizning 204-sonli DMTTdagi tarbiyalanuvchilar faoliyat markazlarida amaliy tadqiqotlarni olib borishlari uchun barcha shart - sharoitlar yaratilgan, ularga chuqurlashtirilgan ekologik taʼlim-tarbiya beriladi.
Bolalar oʻzlari uchun yaratgan “Jajji bogʻbon” yoʻlagida oʻsimliklarni asrash, ularni parvarish qilish, ularga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishni oʻrganadilar, tabiatga boʻlgan mehr – muhabbat tuygʻusini mustahkamlab boradi.
Press-tur davomida jurnalistlarning mavzuga oid savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib oʻtildi.