Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qarori bilan umumiy o‘rta taʻlim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajor-o‘qituvchilar hamda tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.
Joriy yilning 25-iyulidan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabul qilinishini ma’lum qilamiz.
Murojaatlarni yuborish 2024-yil 10-avgust (shu kuni ham)ga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida muvaffaqiyatli o‘tgan 4 896 nafar stajor-o‘qituvchilarning sertifikatlari ularning shaxsiy kabinetlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz: kasbiy sertifikatlash sinovlarida joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan (56 dan kam) hamda sinovlardan o‘ta olmagan stajor-o‘qituvchilar ham hujjat topshirishlari mumkin.
Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi test shaklida o‘tkaziladi hamda 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor sinovdan o‘tgan hisoblanadi.