Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida bo‘lib turibdi.
Uchrashuvlar avvalida vazir o‘rinbosari Qo‘qon shahar 29-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi hamda ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
Ushbu muassasada Milliy Gvardiya bilan hamkorlikda “Yosh gvardiyachilar" to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, unda 50 nafar tarbiyalanuvchi tahsil olmoqda.
Shundan so‘ng, Qo‘qon shahridagi 41-, 34-, 12-, 35-o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida vazir o’rinbosari yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha kerakli tavsiyalar berdi.
Farhod Boqiyev “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan tashkil etilgan “Ta’tildagi oqshom” nomli ko‘rgazmali konsert dasturida ham ishtirok etdi.
Tadbirda to‘garak a’zolarining ijodiy ishlaridan ko‘rgazmalar, ijodiy sahna ko‘rinishlari, sportchi bolalar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etildi.
Shuningdek, Farhod Boqiyev 41 yil davomida boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat olib borgan va hozirda 91 yoshli, nafaqadagi faxriy ustoz Xayriyaxon aya Meliboyeva holidan xabar oldi.