Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish, “maktab–ota-ona–mahalla” tizimini joriy etish, yangicha oʻqitish va baholash uslubini qoʻshimcha 1 000 ta maktabda tashkil etish, poytaxtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo taʼlimi forumiga tayyorgarlik koʻrish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, oʻtgan haftada Davlatimiz rahbariga taʼlimi sifati hamda pedagoglar malakasini oshirish, adolatli baholash va ragʻbat tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti qilinganligini aytib oʻtdi.
Qayd etilganidek, taʼlim sifatini oshirish, eng avvalo, pedagoglarning bilimi va malakasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari malakasini oshirishning yagona va yaxlit tizimini joriy etishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, vazirlik huzuridagi A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda hududlarda Pedagogik mahorat markazlari tashkil etilmoqda. Bu esa belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Yigʻilishda aytilganidek, Davlatimiz rahbarining yana bir tegishli qarori asosida oʻquvchi-yoshlar tarbiyasining ilmiy-metodik taʼminotini amalga oshirish hamda “maktab–ota-ona–mahalla” tizimini samarali joriy etish maqsadida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tashkil etilmoqda.
Institutning eng asosiy vazifasi, yangi tarbiya metodikalarini yaratish va amaliyotga joriy qilish hisoblanadi. Shu sababli institut faoliyatini samarali tashkil etish, uni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlanish borasida maʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Prezidentning Chusovitina va Jalolov sport maktablari faoliyatini takomillashtirishga oid tegishli Farmoni asosida ushbu maktablar Sport vazirligi tizimidan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimiga oʻtkazildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 2023-2024-oʻquv yilida 500 ta maktabda joriy etilgan Prezident va ixtisoslashgan maktablarning oʻqitish va baholash tizimi yangi oʻquv yilidan boshlab qoʻshimcha ravishda yana 1 000 ta maktabda joriy etiladi. Bu borada vazirlik va hududiy boshqarmalar masʼullarining axboroti tinglandi hamda zarur topshiriqlar berildi.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyiga qadar 270 ta maktabni vazirlik mablagʻlari hisobidan interaktiv doska hamda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 365 ta maktabni kompyuter sinfi hamda printerlar bilan taʼminlash, hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda 294 ta maktabni taʼmirlash boʻyicha mutasaddi xodimlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Aytib oʻtilganidek, joriy yilning 20-23-may kunlari London shahrida boʻlib oʻtgan Jahon taʼlim forumida Oʻzbekistonda ilk bor taʼlimi forumini oʻtkazish taklifi bildirilganligi hamda mazkur Forum joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu sababli Forumga tayorgarlik ishlarini har tomonlama puxta va sifatli tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.