“Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi

7-iyun 2024-yil
image

Bugun poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili Rexina Mariya Kastilyo, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Singapur Taʼlim vazirligi masʼul xodimi Khairi Sallehudin Otman, Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti eksperti Charles Chyu hamda qator xorijiy tashkilotlar vakillari qatnashdi.

“Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi 100 nafardan ortiq tanlangan tajribali maktab direktorlari hamda 300 nafarga yaqin pedagoglar ishtirok etdi.

Tadbirdan asosiy maqsad, Oʻzbekistonda umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimni tizimli isloh qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, keyingi yillarda mamlakatimizning xalqaro miqyosda oʻquvchilarni baholash dasturlari reytingi boʻyicha jahonning ilgʻor mamlakatlari qatoriga kirishiga erishishdan iboratdir.

Konferensiya doirasida Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va oʻqituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilgʻor tajribalarni almashish, oʻquvchilar bilimi va koʻnikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, taʼlimni raqamlashtirish boʻyicha soha mutaxassislarining mavjud bilimlarini yanada oshirish boʻyicha xalqaro ekspertlarning maʼruzalari tinglandi.

Eslatib oʻtish joizki, Singapur davlati taʼlimga oid nufuzli tadqiqotlar natijalariga koʻra dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri boʻlib, taʼlimga sarmoya kiritish, inson kapitalini rivojlantirishga eʼtibor qaratish orqali mamlakat taraqqiyotiga erishgan davlat sifatida eʼtirof etiladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mamlakatdagi maktab direktorlari va oʻqituvchilar malakasini oshirish, maktablar oʻquv dasturini takomillashtirish hamda unga raqamli texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

Konferensiyaning mantiqiy va uzviy davomi sifatida Singapurlik ekspertlar tomonidan joriy yil 10-14-iyun kunlari maktab direktorlari hamda 8-12-iyul kunlari matematik va tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha treninglar olib boriladi.

Unda 400 nafardan ortiq mutaxassislar uchun kasbiy rivojlantirish, sohadagi yangiliklarni boʻlishish, oʻz faoliyati davomida yuzaga keladigan muammolarni hal qilish boʻyicha tajribalar oʻrgatiladi. Natijada, treningda qatnashgan maktab rahbarlarini “Menejerlar”, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha ustozlarni “Master trenerlar” sifatida maxsus tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.

Joriy yil avgust oyidan boshlab mazkur treninglarda qatnashgan 400 nafarga yaqin maktab direktorlari (menejerlar), matematika va tabiiy fanlar oʻqituvchilari (master-trenerlar) salohiyatidan foydalangan holda mamlakatimiz boʻylab hududlar, tuman va shaharlar va maktablar darajasida kaskad usulida treninglar davom ettiriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu