Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova rahbarligida bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi hamda yoz mavsumida oʻquvchilarni maroqli hordiq chiqarish, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bayrami hamda “Xayr bogʻcha – salom maktab” tadbirlarini tashkil etish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, joriy yilda mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini 592 ming nafardan ortiq, 11-sinfini 400 ming nafarga yaqin oʻquvchilar bitirayotganligi, ushbu oʻquvchilar ishtirokidagi yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini tizimli tashkil etish lozimligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Vazirlik masʼullariga bitiruv imtihonlarini tartibli, ochiq va shaffof oʻtkazishi boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish vazifalari yuklatildi.
Yigʻilishda yoz mavsumida oʻquvchilarni maroqli hordiq chiqarishlarini tashkil etish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish ishlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Aytilganidek, joriy yilda vazirlik tizimidagi 32 ta oromgohga 9 ming nafar bolalar qamrab olinishi rejalashtirilgan. Shu bois ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida rejalashtirilayotgan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, oromgohlardagi kutubxonalarni zarur adabiyotlar bilan taʼminlash, toʻgarak ishlarini toʻgʻri yoʻnaltirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari” shiori ostida bayram haftaligi oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbirlarni uyushqoqlik bilan oʻtkazish, bunda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda kam taʼminlangan oilalar farzandlarini kengroq qamrab olish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda barcha hududlarda oʻtkazilayotgan anʼanaviy “Xayr bogʻcha – salom maktab” tadbirlarini namunali tashkil etishga doir muhim masalalar ham muhokama etildi. Xususan, joriy yilning 30-may kuni Xorazm viloyatida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan markaziy bayram dasturini oʻtkazishga doir muhim vazifalar belgilab olindi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.