Avval xabar qilinganidek, Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5 fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi.
Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzildi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.
Xususan, endilikda ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi uzviy tashkil etiladi.
Shu maqsadda o‘quvchilarning darsda ishtirok etish ko‘rsatkichlari haqqoniyligini ta’minlash uchun e.maktab elektron kundalikka o‘qituvchilar va sinf rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida qaydlar kiritib boriladi.
Yurtimizdagi maktablarga ota-onalarga yuboriladigan “Ogohlantirish xati” namunalari yetkazilgan bo‘lib, bu orqali darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilarning oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligi ham oshiriladi.
Endilikda maktab mas’ullari tomonidan shu namunadagi “Ogohlantirish xati” tezkor ravishda o‘quvchilarning yashash manzillariga yetkaziladi.
Bunda ota-onalarning o‘z farzandlarini maktabga borishlarini ta’minlash mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasining mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan. Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofiserlari biriktirildi.
Haftada kamida bir marotaba Milliy gavradiya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning ma’naviyati, tarbiyasi va davomati bo‘yicha mahalla raislarining ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda.
Jumladan, o‘quvchilarning darsda muntazam ishtirokini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun to‘garak va mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar amalga oshiriladi.
Mazkur vazifalar ijrosi bo‘yicha o‘tgan uch kun davomida Milliy gvardiya bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor choralar natijasida 1000 dan ortiq maktablarda o‘quvchilar davomati o‘rganildi. Surunkali yoki muntazam dars qoldirayotgan 451 nafar o‘quvchilarning darsga qatnashishi ta’minlandi.
Ayni vaqtda mazkur ishlar ijrosi bo‘yicha Andijon viloyatidagi maktbalarda mas’ul vazirlik va tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.