O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
ta’lim sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayonlari va xizmatlar ko‘rsatishni yangi tamoyillar asosida tashkil etish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida davlat muassasasi shaklida "Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi" loyiha ofisi tashkil etildi.
Loyiha ofisining asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish;
xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini ta’minlash;
yetakchi ekspertlar, konsultantlar, maslahatchilar va jamoatchilikni keng jalb qilgan holda ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ta’lim turlari va darajalari o‘rtasida uzviylikni va uzluksizlikni ta’minlash, davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarning o‘zaro hamjihatlikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati madaniyatini shakllantirish, o‘quv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishda vazirlik va idoralarga x,ar tomonlama ko‘maklashish;
ta’lim sifatini nazorat qilish yo‘nalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, xorijiy va xalqaro baholash tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish.
Loyiha ofisi quyidagi huquqlarga ega:
tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish;
ishlab chiqilgan loyihalarni ta’lim tashkiloti, tuman (shahar) yoki hudud misolida tajriba-sinovdan o‘tkazish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari va tashkilotlarining elektron axborot tizimlaridan bepul foydalanish.
Qarorning to‘liq matni