Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 500 ta umumta’lim maktabida CHSB (choraklik summativ baholash) imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur maktab o‘quvchilarining ikkinchi chorak yakuniy bilimlari yangi baholash tizimi orqali sinaldi.
Aytish lozimki, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining baholash (summativ baholash) tizimi 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab respublikadagi 500 ta maktablarda joriy etildi.
Bir muddat oldin barcha umumta’lim maktablarida yakuniga yetgan CHSB (choraklik summativ baholash) imtihonlari mos ravishda ikki smenada hamda o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida tashkil etildi.
Bunda o‘quvchilar choraklik davomida olgan bilimlarini tegishli fanlarga oid berilgan test savollariga to‘g‘ri javobni belgilash orqali sinovdan o‘tkazdi. Buning uchun maktablarga test savollari kitobchalari va javoblar varag‘i to‘liq yetkazib berildi.
Imtihon jarayonlari vazirlik hamda sohadagi tegishli mutaxassislar tomonidan kuzatib borildi.
Ma’lumot uchun: yangi baholash tizimi ikki turga — summativ va formativ baholash tizimiga bo‘linadi.
Summativ baholash - ma’lum davrda yoki ma’lum bob yuzasidan berilgan bilimlarning darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Ya’ni, bunda o‘qituvchi muayyan miqdorda mavzularni qamrab olgan bobni o‘quvchiga yetkazib bergach, o‘quvchilarning ushbu bob yuzasidan olgan bilimlari aniqlanadi.
Mazkur tizim o‘quvchini doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga, o‘tgan mavzularni takrorlab borishga undaydi.
Formativ baholash – bunda o‘quvchi dars jarayonida baholanib borilaveradi. Mazkur baholash tizimining asl mohiyati, u o‘quvchi bilimini emas, o‘qituvchi o‘zining darsini baholashi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi maqsadida joriy qilingan.
Bu muhim! Hozirga qadar amalda bo‘lib kelgan mavjud baholash tizimida obyektivlik doima eng katta muammolardan biri bo‘lib kelgan. Bunga tizimning deyarli 90 foizi inson omiliga asoslanganligidadir.
Aniqroq aytganda, o‘quvchi bilimiga qo‘yilgan baho birgina o‘qituvchining munosabatidan kelib chiqib belgilangan. Yangicha baholash tizimida esa inson omilini minimallashtirish ko‘zda tutiladi.
Mazkur tizim joriy qilinishdan oldin mutaxassislar tomonidan ko‘plab xalqaro tajribalar, xususan Yevropa, Osiyo hamda Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya, Turkiya mamlakatlari tajribalari, Kembrij dasturining baholash tizimi yaqindan o‘rganildi.