Joriy yilning 12 aprel kuni Xalq taʼlimi vaziri boshchiligidagi vazirlik ishchi guruhi poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi bir nechta taʼlim muassasalarida bo‘ldi.
O‘rganish ishlari tumanning 48-maktabidan boshlandi. Taʼlim maskanidagi mavjud sinfxonalar, kutubxona, sport zal, maktab oshxonasini ko‘zdan kechirib, pedagog xodimlarni qiynayotgan muammolarni tingladi. Maktabni kapital taʼmirlash maqsadida yo‘l xaritasiga kiritish bo‘yicha taklif berildi. Keyingi manzil tumandagi 160-sonli umumtaʼlim maktabi bo‘ldi. Vazir taʼlim jarayoni bilan tanishish maqsadida Geografiya darsida qatnashdi, o‘quvchilar bilan suhbat jarayonida ularni mutolaa qiladigan qo‘shimcha adabiyotlari bilan qiziqdi. Vazir o‘quvchilardan davlatlar va ularning poytaxtlari haqida savollar bilan yuzlanib, o‘quvchilarga eng ko‘p davlat va ularning poytaxtlarini yod olgan o‘quvchiga maxsus sovg‘a yuborishini vaʼda qildi.
Ayni damda maktabning 12 nafar o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘lgani, 17 nafar o‘quvchi ingliz tili bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga egaligi haqida maʼlumot berildi. Maktabda o‘quvchilarga bilim berayotgan o‘qituvchilar darajasi bilan qiziqdi. Boshlang‘ich taʼlim o‘qituvchilari bilimli yuqori ekanligi eʼtirof etildi. Maktab rahbariyati taʼlim sifatini ko‘tarish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Mazkur maktab ayni vaqtda 2.1 koeffitsiyentda faoliyat yuritib, unda 2298 nafar o‘quvchi taʼlim olmoqda. Maktabda sport maydoni, laboratoriya va kompyuterlarga ehtiyoj borligi aniqlandi. Taʼlim muassasasini barcha zarur jihozlar bilan taʼminlanishi hamda o‘quvchi soni ko‘pligi sababli qo‘shimcha bino qurilishi bo‘yicha taklif berildi.Shundan so‘ng ishchi guruh 25-aqli zaif bolalarga ixtisoslashgan maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud muammolar o‘rganildi. Maktab 2013 yilda kapital taʼmirdan chiqqan bo‘lib, ayni vaqtda unda 61 nafar o‘qituvchi-defektolog 240 nafar o‘quvchiga taʼlim beradi. Maktab rahbariyatiga o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar, xususan Qo‘qon shahridagi 5-maxsus maktab tajribasini o‘rganish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari vazir maktabga qo‘shni joylashgan tumandagi "Barkamol avlod" bolalar maktabiga bordi. Bugungi kunda mazkur taʼlim muassasasida 700 nafar o‘quvchi 26 ta to‘garakda tahsil oladi. Vazirlik rahbariyati shaxmat, kulolchilik, biser to‘qish, IT, libos dizayni, rassomchilik to‘garaklarining faoliyati bilan tanishdi.
"Barkamol avlod" bolalar maktabi rahbari bilan suhbat jarayonida 25-aqli zaif bolalar maktabiga bolalarni rivojlantirishga ko‘mak berish hamda to‘garaklarga maktab o‘quvchilarining qamrovini yana-da kengaytirish taklifini ilgari surdi.
Keyingi manzil tumandagi 91-Ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi bo‘ldi. Ayni damda 1450 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 960 o‘rinli maktabda kapital taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetmoqda. Vazir maktabning qurilish ishlari bilan tanishib, quruvchilarga qurilish ishlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Yakkasaroy tumanidagi reytingi baland bo‘lgan 91-maktab bilan suhbat jarayonida taʼlim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish yuzasidan fikrlarini tingladi. Yakkasaroy tumani maktablarini o‘rganish yakunlari bo‘yicha har bir maktab kesimida taʼlim sifatini oshirish, pedagoglarni yangi metodikalar asosida o‘qitish, maʼnaviy muhitni yana-da yaxshilash, o‘quvchilarga munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan "Yo‘l haritasi" ishlab chiqiladi.