Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2023” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov g‘oliblari oltita nominatsiya “Eng yaxshi metodist”, “Eng yaxshi fidokor tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi maʼnaviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” bo‘yicha aniqlandi.
Avgustda bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichida jami 9 146 nafar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali metodist va tarbiyachilar ishtirok etdi. Shundan 912 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanma olishgan. Tanlovning respublika bosqichiga jami 82 nafar ishtirokchi yo‘llanma olib, g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashdi.
20-21-sentabr kunlari o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilar quyidagi 3 ta shart asosida bellashdi:
1-shart – ishtirokchilarning loyiha taqdimotlarining baholanishi;
2-shart – mashg‘ulot ishlanmasini tayyorlash;
3-shart – test topshirig‘i.
Shundan, 6 ta nominatsiya bo‘yicha 18 nafar ishtirokchi I, II, III o‘rinlarni egalladi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar hamda quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlandi:
I o‘rin - 12 mln. so‘m;
II o‘rin - 8 mln. so‘m;
III o‘rin - 5 mln. so‘m.
Shuningdek, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi maʼnaviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish uchun yo‘llanma berildi.