Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 28-iyuldagi 25-q/q, 5-хх-son “Milliy baholash tizimi muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan xalqaro standartlar, taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar, xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) roʻyxati hamda har oylik ustama olish uchun ularning eng kam darajasini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi tasdiqlandi. Unga koʻra:
– Milliy baholash tizimi muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan xalqaro standartlar roʻyxati,
– Taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar roʻyxati,
– Xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) roʻyxati tasdiqlandi.
Quyidagi hollarda aniqlanganda sertifikatlar uchun ustamalar toʻlab berilmaydi. Ular:
– verifikatsiya yoki sertifikat berishga vakolatli (xorijiy yoki milliy) tashkilotga yuborilgan soʻrov natijasiga koʻra sertifikatning haqiqiy emasligi aniqlanganda,
– vakolatli (xorijiy yoki milliy) tashkilotga yuborilgan soʻrovga javob olinmaganda yoki sertifikatda koʻrsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va toʻgʻriligi tasdiqlanmaganda.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2022-yil 29-iyuldagi 34q/q va 15-хх-son “Milliy baholash tizimi muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan xalqaro standartlar, taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar, xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) roʻyxati hamda har oylik ustama olish uchun ularning eng kam darajasini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
2023-yil 28-iyuldagi 25-q/q, 5-хх-sonli qoʻshma qarorga asosan quyidagi sertifikatlar qoʻshildi. (7 ta)
– Teaching English as a Foreign Language (TEFL);
– Teaching English as a Second Language (TESL);
– SAT subject score (matematika, fizika, biologiya, kimyo);
– A levels (informatika);
– Astrum Certified IT Educator (Informatika);
– Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash va bilim darajasini aniqlash sertifikati (Tarix);
– Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash va bilim darajasini aniqlash sertifikati (Geografiya);
– Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun (Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash va bilim darajasini aniqlash sertifikati (matematika va ona tili).
2023-yil 28-iyuldagi 25-q/q, 5-хх-sonli qoʻshma qarorga asosan quyidagi sertifikatlar roʻyxatdan chiqarildi (13 ta).
– Test of English for International Communication (TOEIC);
– A.Avloniy nomidagi milliy-tatqiqot instituti tomonidan Pedagog kadrlarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilim darajasi;
– Google for Education;
– ISTE Certification;
– Leading Edge Certifications;
– British Council APTIS;
– Linguaskill (tinglab tushunish, oʻqib tushunish, yozish, gapirish koʻnikmasini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak);
– CELT-P (Certificate in English Language Teaching-Primary);
– CELT-S (Certificate in English Language Teaching-Secondary);
– International Test of English Proficiency (iTEP);
– Certificate of Proficiency in English (C2 Proficiency);
– Teachers of Chinese to Speakers of Foreign Languages (TCSOL);
– Sejong Korean Language Assessment (SKA).
Shuningdek, Xalqaro sertifikatlar ustunidagi GRE sertifikatidagi ballar taqsimotidagi oʻzgarish yangilandi. Unga koʻra GRE (Quantitative Reasoning) sertifikati boʻyicha 2011-yilda imtihon jarayonlari qayta takomillashtirilgan va oldingi ustama olish uchun belgilangan eng kam 695 ball 155 ballga tenglashtirilgan. 2022-yil 29-iyuldagi 34q/q, 15-хх-sonli qoʻshma qarorda eski tahrirdagi ball tasdiqlangan. GRE (Quantitative Reasoning) sertifikatida 155 ballga tenglashtirilgan oʻzgarish matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlariga ham tegishli.
Mazkur qaror kuchga kirgunga qadar, 2022-yil 29-iyuldagi 34-q/q, 15-xx sonli qoʻshma qarorda keltirilgan xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlarga ega pedagog xodimlarning ustamalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarga qadar saqlanib qolinadi.