OLIY TOIFALI OʻQITUVCHI TAJRIBASIDAN 5 LAVHA

22-yanvar 2021-yil
image

Dilnoza Yuldosheva Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 240-maktabida rusiyzabon oʻquvchilarga oʻzbek tili fanidan saboq beradi. Bugun eʼtiboringizga mahoratli pedagog ish tajribasidan ayrim lavhalarni havola etmoqchimiz.

2017-yildan buyon Dilnoza Yuldoshevaning oʻquvchilari oʻzbek tili fanidan tuman, shahar olimpiadalarida gʻolib boʻlib kelmoqda. Bu yil 11 sinf oʻquvchisi shahar bosqichidan 1-oʻrinni egallab Respublika bosqichiga yoʻl oldi.

1-lavha: Izlanuvchan muallima bir qolipga tushirilgan darslardan yiroqligi bois har bir mavzuni tushuntirish uchun alohida tadorik koʻradi. Misol uchun, yangi mavzuni tushuntirishdan oldin, eng avvalo, sinfdagi oʻquvchilarning bilim darajasi va oʻzlashtirish koʻnikmasini hisobga oladi. Oʻquvchilar mavzuni qanday oʻzlashtirishini oldindan bilib, dars oʻtish uslubini oʻzgartiradi. Boʻsh oʻzlashtiruvchi oʻquvchi hamisha pedagog diqqat markazida boʻladi. Ular uchun turli boshqotirmalar oʻylab topib, oʻquvchilar eʼtiborini jamlab oladi. Shu sababli muallima saboq beradigan 9-11-sinf oʻquvchilari orasida yangi mavzuga tushunmagan oʻquvchi deyarli boʻlmaydi.

2-lavha: Dilnoza Yuldosheva dars jarayonida koʻproq oʻgʻil-qizlarning savodxonligi va nutq oʻstirishga eʼtibor qaratadi. Darsning 10 daqiqasini oʻquvchilar bilan oʻtkaziladigan hayotiy koʻnikmalar haqidagi suhbat uchun ajratadi. Mazkur suhbatlar doʻstona munosabatda olib boriladi. Har bir oʻquvchining xarakteri va dunyoqarashini inobatga olgan holda oldindan tayyorlab kelgan savollarini beradi. Oʻzbek tili fani oʻgʻil-qizlarning kelgusi hayotida qanchalik muhim oʻrin tutishini savol-javoblar davomida tushuntiradi. Shu tariqa oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishini doimiy ravishda oshirib boradi.

f9873068662d61b03c52a.jpg

3-lavha: U ayni paytda 6-sinf oʻquvchilariga sinf rahbarlik qilib kelmoqda. Sinfda 28 nafar oʻquvchining 15 nafari faqat aʼlo bahoga, qolganlari “4” va “5” bahoga oʻqiydi. Darslar tugagach, oʻquvchilarga barcha fanlar boʻyicha oʻtilgan mavzularni tushuntirib beradi. Kun davomida kim nechta baho oldi, qaysi fanlarni oʻzlashtirishda qiynaldi, ularning qanday muammolari borligi haqida har bir oʻquvchi bilan individual tarzda ishlaydi.

4-lavha: Tajribali pedagog uy vazifalarini tayyorlamagan oʻquvchilarni shunchaki tashlab qoʻymaydi. Bu kabi oʻquvchilarning ota-onalari bilan aloqani birinchi oʻringa qoʻyadi. Ota-onalar bilan hamkorlikda ishlab, muammo yuzaga kelayotgan oʻquvchilarga koʻproq eʼtibor qaratadi. Oʻquvchilarda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish uchun koʻp hollarda ularning ota-onalari bilan uchrashib, birgalikda muammolarni bartaraf etishga harakat qiladi.

5-lavha: Oʻqituvchi iqtidorli oʻquvchilar bilan ham alohida ishlashni yoʻlga qoʻygan. 2017-yildan buyon oʻzbek tili fanidan oʻquvchilari tuman, shahar olimpiadalarida gʻolib boʻlib kelishmoqda. Joriy yilda ham 11-sinf oʻquvchisi shahar bosqichidan 1-oʻrinni egallab Respublika bosqichiga oʻtdi. Muvaffaqiyatga erishgan, iqtidorli oʻquvchilar bilimini qoʻshimcha adabiyotlar yordamida doimiy ravishda boyitib boradi.

Doimiy oʻz ustida ishlagan Dilnoza Yuldosheva oliy malakali pedagoglardan. Shu bilan birga “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etgan. Tuman va shahar seminarlarida “Oʻqitishning zamonaviy usullari” mavzusida oʻqituvchilarga metodik yordam berib kelmoqda. “Onlayn maktab” loyihasi doirasida 10-sinf uchun videodarslarni suratga olishda ham faol ishtirok etgan.

Oʻquvchilarga chinakam fidoyilik bilan saboq berayotgan muallima bugungi kunda maktab jamoasida ham hurmat qozongan. Bugungi kunda u yosh pedagoglarga “Ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilib, koʻmak berib kelmoqda. Aynan Dilnoza Yuldosheva kabi pedagoglar oʻquvchilarga hayotda yutuqlarga erishishida motivatsiya beradi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu