XALQ TA’LIMI TIZIMIDA VAKANT LAVOZIMLARGA ISHGA QABUL QILISH JARAYONINI OCHIQ, MUSTAQIL TANLOV ASOSIDA TASHKIL ETISH BO‘YICHA SEMINAR O‘TKAZILDI

18-yanvar 2021-yil
image

Bugun, 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda «Xalq ta’limi tizimida vakant lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonini ochiq, mustaqil tanlov asosida shaffof tashkil etish» mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘quv-seminari ZOOM dasturi orqali onlayn videokonferens-aloqa shaklida o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmalari kadr bo‘yicha bo‘lim boshliqlari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari kadrlar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etdi.

Onlayn o‘quv-seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i A.Akramov va Xalq ta’limi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i A.Xasanov ma’ruza bilan qatnashdi.

Seminarda Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparati, hududiy boshqaruv organlari va ta’lim muassasalardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonida ochiq mustaqil tanlov asosida shaffof tashkil etish tizimi hamda mazkur jarayonda yuzaga kelish mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Ma’lumki, 2020 yil 20 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparati, hududiy bo‘linmalar, tizimdagi tashkilotlar va muassasalardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazishda tanlov asosida saralab olish tartibi» tasdiqlandi.

Shunga ko‘ra, bugungi kunga qadar mazkur tartib asosida tizimdagi 42 ta vakant lavozimga vacancy.argos.uz orqali e’lon berildi. Shundan 33 ta lavozimga 547 nafar (shundan, 208 nafar yoshlar - 38%) nomzod da’vogar sifatida hujjat topshirdi. Nomzodlardan 176 nafari (32,2 %) tegishli lavozim bo‘yicha malaka talablariga mos kelgan bo‘lsa, 307 nafari (56,1 %) malaka talabiga mos kelmasligi aniqlandi. Shuningdek, 6 ta lavozimga barcha nomzodlarning hujjatlari malaka talabiga mos kelmaganligi sababli ushbu lavozimlarga takroran e’lon berildi.

Hozirda 64 nafar (11,7 %) nomzodning hujjatlari malaka talablariga mosligi o‘rganilmoqda. 10 ta lavozim bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida 44 nafar nomzod qatnashdi, shundan 21 nafari (47,7 %) testdan o‘tdi, 23 nafari (52,3) testdan o‘tmadi. Shuningdek, 15 ta lavozim bo‘yicha test sinovi o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 6 ta lavozim uchun 17 nafar nomzod suhbatga jalb etilgan bo‘lib, shundan 16 nafari (94,1 %) suhbatdan o‘tmadi.

Amaliy seminar xalq ta’limi tizimida mutaxassis kadrlarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi va kelgusi faoliyatini samarali tashkil etishiga xizmat qiladi.

Baham ko'ring:

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu