Ayni damda Belgiyaning Bryussel shahrida Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkilotining Boshqaruv Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti Boshqaruv Kengashi a’zosi Usmon Sharifxodjayev ham ishtirok etmoqda.
Kengash doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda xalqaro tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan va 2023-2026 -yillarga mo‘ljallangan Milliy Yo‘l xaritasi (National Compact) taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruza qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik delegasiyasi va Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti raisi Jakaya Kikvekeva, UNESCO Bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Janini hamda UNICEFning Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Global direktori Robert Jenkins bilan istiqboldagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jakaya Kikveke O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, tashkilotning o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti xalqaro tashkilot bo‘lib, unga 100 dan ortiq mamlakat va donor tashkilotlar, xususan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, UNICEF, UNESCO kabi tashkilotlar a’zo hisoblanadi.