Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar muhokama qilindi

22-may 2023-yil
image

Kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini tashkil etish va bu borada olib borilishi zarur bo‘lgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, O‘zbekiston Autsorsing xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mas’ul xodimlari va ularning hududiy vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 472-sonli qaroriga asosan, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab mazkur hududlardagi maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlab kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu tajriba 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahar va barcha viloyat maktablarida ham joriy etilishi belgilangan.

Ko‘rgazmali seminar davomida o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar, mavzuga doir muhim jihatlar xususida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berib o‘tildi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan bu borada belgilangan vazifalar ijrosiga doir muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Bu kabi seminar tadbirlari Xorazm viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilarga viloyatning Xonqa tumanida keytering xizmati bilan shug‘ullanayotgan “Xonqa diyor” va “Smart meat shop” MCHJ tadbirkorlarining bu boradagi ish faoliyati namoyish etildi. So‘ng tumandagi 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida mahsulotlarni qabul qilish va tarqatish bo‘yicha seminar qatnashchilariga zarur tavsiyalar berildi.

Tadbirda maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy asoslar va ularni bajarilishga doir mutaxassislar fikri tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu